Tramp bir yil ichida 1,4 milliard AQSH dollariga boyidi
Olam
−
10:42 1855 2 daqiqa
Kecha, 10 mart kuni e’lon qilingan “Forbes” jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning sof boyligi so‘nggi bir yil ichida 1,4 milliard AQSH dollariga oshdi.
Hozirda Trampning umumiy boyligi 6 milliard AQSH dollariga baholanmoqda. U dunyoning eng boy odamlari reytingida 700-o‘rindan 645-o‘ringa ko‘tarilgan.
Qayd etilishicha, Tramp boyligining sezilarli qismi kriptovalyuta bilan bog‘liq bitimlar hisobiga oshgan. Taxminlarga ko‘ra, u o‘tgan yil davomida WLFI kripto tokenlarini sotishdan qariyb 550 million AQSH dollari daromad olgan. Bundan tashqari, u hali ham WLFI va TRUMP nomli ko‘plab kripto tokenlariga egalik qiladi.
Trampning boshqa aktivlari ham qimmatlashgan. Xususan, uning Mar-a-Lagodagi qarorgohi qiymati bir yil ichida 370 million AQSH dollariga oshgan. Mutaxassislar bu maskan Trampning siyosiy faoliyatida muhim rol o‘ynashini ta’kidlamoqda. U yerda Prezident ko‘plab xorijiy yetakchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Bundan tashqari, Trampga tegishli oltita shtatda joylashgan 10 ta golf klubi qiymati ham oshib, bir yil ichida qariyb 200 million AQSH dollariga ko‘paygan.
Ta’kidlanishicha, agar kriptovalyutalar va Trump Media & Technology Group aksiyalari narxi pasaymaganida, Trampning boyligi yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkor Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil “Forbes” talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi