Bugun osmonni “Qulupnay Oy” yoritadi
Bu qiziq
−
30 iyun 3834 2 daqiqa
Bugun, 29 iyun kuni tunda “Qulupnay Oy” deb ataluvchi iyunning to‘lin Oyi kuzatiladi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu 2026 yilda Shimoliy yarimsharda ufqqa eng yaqin ko‘rinadigan to‘lin Oy bo‘ladi. Oy ufqdan ko‘tarilayotgan paytda odatdagidan ancha kattaroq ko‘ringandek taassurot uyg‘otadi. Bunga “Oy illyuziyasi” deb ataluvchi optik hodisa sabab bo‘ladi.
Biroq astronomik jihatdan bu yilning ikkinchi eng kichik to‘lin Oyi hisoblanadi. Chunki bu paytda Oy Yerdan odatdagidan uzoqroq masofada bo‘ladi. Shu sababli u odatdagi to‘lin Oydan qariyb 13 foiz kichikroq va xiraroq ko‘rinadi. Astronomiyada bunday hodisa “mikrooy” deb ataladi.
Mutaxassislarning aytishicha, iyun oyidagi to‘lin Oy yozgi quyosh turishidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgani sababli Shimoliy yarimsharda past trayektoriya bo‘ylab harakat qiladi. Janubiy yarimsharda esa aksincha, u osmonning balandroq qismida kuzatiladi.
Ma’lumot uchun, “Qulupnay Oy” nomi Oyning rangiga emas, balki Shimoliy Amerikadagi mahalliy xalqlarning qulupnay terimi mavsumi bilan bog‘liq an’anasiga ishora qiladi. Turli xalqlar bu to‘lin Oyni “Rezavorlar pishadigan Oy”, “Yashil makkajo‘xori Oyi” va “Issiq Oy” kabi nomlar bilan ham ataydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, navbatdagi to‘lin oy – “Bug‘u Oyi” joriy yilning 29 iyul kuni kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq geologlar Yerdagi eng qadimgi – G‘arbiy Avstraliyadagi Shimoliy qutb gumbazi (North Pole Dome) hududida joylashgan meteorit kraterining yoshini tasdiqlagan edi.
Live
Barchasi