Fohishalar orasida amaldorlarning qizi ham bor – Tashiyev 3 ming dollarlik fohishalar haqida
Olam
−
01 dekabr 2023
61461Qirg‘izistonda fohishaxonalar faoliyati urchigandan urchigan. 30 yil davomida davlat ham, amaldorlar ham bu holatlarga ko‘z yumgan. Endi esa mamlakatni bunday balodan tozalash vaqti keldi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev kecha, 30 noyabr kuni Baliqchi shahridagi MXDQ binosi ochilishidagi nutqida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat qo‘mitasi xodimlari yaqinda Bishkek shahri va Chuy viloyatida fohishaxonalarni aniqlash bo‘yicha maxsus tadbirlar o‘tkazgan. 10 ta joyda 70 ga yaqin qiz intim xizmat ko‘rsatayotgani aniqlangan.
“Mazkur tadbirlar natijasida olti nafar fohishaxona tashkilotchisi va ular xizmat ko‘rsatgan ushbu binolarning ikki nafar egasi qo‘lga olindi. Qo‘lga olingan 70 ga yaqin qizlar guvoh sifatida ko‘rilmoqda, jinoyat ishida u yerda fohishaxonalar tashkil qilganlarni javobgarlikka tortamiz”, deydi Tashiyev.
U Qirg‘izistonda tartib o‘rnatilishini qo‘shimcha qildi. Tashiyevga ko‘ra, bundan boshqa yo‘l yo‘q, chunki 30 yil davomida barcha – davlat organlari, mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari, xavfsizlik idoralari bunday muammo borligini, bu qonunlar va jamiyat asoslarini buzayotganini bilgan va bila turib jim qarab turgan.
“Hamma bildi va hamma ko‘z yumdi. Lekin bu holat shunday davom eta olmaydi. Biz bu katta muammoga ko‘z yuma olmaymiz. Biz bu yomon hodisani yo‘q qilamiz. Bu salbiy hodisani bartaraf etish uchun davlatning imkoniyati, kuchi, vositalari, jamiyatning irodasi yetarli. Chunki bu hodisa avlodimiz, yurtimiz kelajagi uchun og‘ir oqibatlar olib keladi. Biz bu masalani hal qilishimiz kerak. Ba’zilar buni bir martalik operatsiya, biz to‘xtaymiz deb o‘ylaydi. Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Mamlakatimizda bunday xizmatlar ko‘rsatiladigan fohishaxonalar, uylar va joylar bo‘lmaydi. Biz ularni butunlay yo‘q qilamiz. Buning uchun biz reja tuzdik”, deydi MXDQ raisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, eskort xizmati ko‘rsatish niqobi ostida to‘lovga layoqatli fuqarolar, yuqori mansabdor shaxslar, amaldorlar va tadbirkorlar uchun elita deb ataluvchi intim xizmatlar ko‘rsatish faktlari aniqlangan.
Fohishaxonlar tashkil qiluvchilarning asosiy faoliyati ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruh orqali bo‘lib, guruhlarga 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 200 ga yaqin model qiyofasidagi qizlarning suratlari ilova qilingan va qizlar moddiy manfaatdorlik evaziga intim xizmatlarni ko‘rsatadilar. Tashiyevga ko‘ra, bunday xizmatlarning bir soati narxi 500 dan 3 ming dollargacha.
“Ular orasida farovon oilalardan chiqqan qizlar, amaldorlar, tadbirkorlarning farzandlari bor. Bu qizlar qimmat eskort xizmatlarini taqdim etadi”, deydi Tashiyev.
Bundan tashqari, Qamchibek Tashiyev ushbu guruhlarning barcha ishtirokchilari hamda mijozlarni bevosita qidirib, uchrashuv joylarini muhokama qilgan dallollar aniqlanganini alohida urg‘uladi. Ular ushlanib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga joylashtirilgan.
“Hozirda mazkur guruhlar ma’murlari hamda homiylik va intim xizmatlar ko‘rsatishda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslarni aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda”, deya xulosa qildi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, ushbu nutqida Qamchibek Tashiyev fohishaxonalarga borib, intim xizmatlardan foydalanayotgan deputatlar va amaldorlarni ko‘rsatishga va’da bergandi.
LiveBarchasi