Finlyandiya va Shvetsiya o‘z so‘zida turmagunicha NATOga qabul qilinmaydi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Anqara Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini har ikki davlat terror tashkilotlariga qarshi kurash bo‘yicha Turkiya oldidagi majburiyatlarini bajarmaguncha qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda kecha, 8 avgust kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi. 

“Biz Madriddagi NATO sammitida o‘z pozitsiyamizni aniq bildirdik. “Kurdiston Ishchilar partiyasi” [terror tashkiloti] a’zolari ko‘chada bemalol yurgan mamlakatlarning NATOga a’zoligi alyans qadriyatlariga zarar keltiradi. Finlyandiya va Shvetsiyaga kelsak, biz aniq va qat’iy pozitsiyani egallaymiz. Ular o‘z so‘zida turmagunicha, Turkiya ikki davlatning NATOga a’zoligini ma’qullamaydi”, deydi Erdo‘g‘an Anqarada Turkiyaning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 avgust kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokollarni imzolashi kutilmoqda. 

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

44

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing