Finlyandiya Rossiyadan qochganlarni ommaviy ravishda quvmoqda
Olam
−
07 Sentabr 2025 7835 2 daqiqa
Finlyandiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin bu mamlakatga borgan Rossiya fuqarolarini ommaviy ravishda deportatsiya qilmoqda. Bu haqda “Vot-Tak” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar oyidan sentyabrgacha 104 rossiyalik mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Sababi – ularning boshpana so‘rovlari rad etilgan.
Rossiyalik faol Maksim Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlangandan buyon ikki yil davomida boshpana so‘rovi uchun umuman suhbatlar o‘tkazilmagan, faqat 2024 yilning oxiridan boshlab intervyular boshlangan va oqibatda deyarli 90 foiz murojaatlar rad etilgan. Ko‘plab rossiyaliklar qarordan qoniqmay sudlarga shikoyat qilgan, ayrimlar esa yana takroran boshpana uchun murojaat qilgan.
Rad etishlarning asosiy sababi – murojaatchilar Rossiyadan safarbarlikdan qochgani, deya baholanmoqda. Mamlakat fuqarolari urushga borishni xohlamagani uchun boshqa mamlakatga ko‘chishga harakat qilayotgani tahnmin qilinmoqda. Finlyandiya migratsiya xizmati bunday holatni boshpana berish uchun yetarli sabab deb hisoblamaydi, chunki rasmiylarga ko‘ra, Rossiyada safarbarlik yakunlangan.
Ba’zi rossiyaliklar Finlandiyani tark etishni istamagani uchun majburiy ravishda chiqarib yuborilgan. 2025 yilning sakkiz oyida bunday usulda 18 kishi deportatsiya qilingan. Odatda ular Turkiyaga yoki Estoniya orqali mamlakatdan quvilgan, ammo Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaralar yopilgan.
Boshpana olishga muvaffaq bo‘lganlar esa asosan Rossiya qarorlaridan norozi kayfiyatdagilar yoki Rossiyada ta’qibga uchragan sobiq deputatlar bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Finlyandiya 2023 yilning noyabr oyida Rossiya Federatsiyasidan Yevropa davlatiga kirishga urinayotgan migrantlar soni keskin oshgani sababli Rossiya bilan chegarasini yopgan edi. Rossiya va Finlyandiya o‘rtasida jami to‘qqizta quruqlikdagi chegara o‘tish punktlari mavjud bo‘lib, ular butunlay yopiq. Hatto Finlyandiya fuqarolari ham ular orqali o‘z mamlakatiga kirish huquqiga ega emas. Cheklovlar hozirgacha amal qilib kelmoqda.
Live
Barchasi