Finlyandiya NATO masalasida bir qarorga keldi

Olam

image

Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berish haqida rasmiy qaror qabul qildi. Joriy yilning 17 may kuni Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish masalasi bo‘yicha parlamentda ovoz berish bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.  

“Bugun Prezident va hukumatning tashqi siyosat va mudofaa qo‘mitasi NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishga qaror qildi”, degan Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo. 

Niinistyoning aniqlik kiritishicha, Ukrainadagi voqealar uni shunday qarorga kelishiga undagan. 

U, shuningdek, Finlyandiya jamiyatida NATOga qo‘shilish qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlab, Finlyandiya uchun alyansga qo‘shilish haqidagi rasmiy e’lon “yangi davr”ning ochilishi bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Finlyandiya

Baholaganlar

442

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing