Finlyandiya Bayden va Putin uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritdi
Olam
−
14 aprel 2021
3458Finlyandiya o‘z hududida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari Jo Baydenning uchrashuvini tashkil etishga tayyor. Bu haqda Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo ma’lum qilgan.
"Finlyandiya har doim o‘zining yaxshi diplomatik xizmatlarini taklif qilib kelgan. Ushbu potensial uchrashuvga kelsak, uni tashkil etish istagi ikkala tomonga ham taqdim etildi", degan Niinistyo.
Shuningdek, u bunday taklif birinchi marta emasligini ta’kidlagan.
Bir muncha vaqt oldin ham Finlyandiya Putin va Bayden o‘rtasidagi uchrashuvni Xelsinki yoki boshqa shaharda o‘tkazishni taklif qilgandi.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda oliy darajadagi uchrashuv taklif qilgani haqida xabar bergandik.
Ma’lum qilinishicha, Putin va Bayden o‘rtasidagi telefon orqali suhbat Amerika tomonining tashabbusi bilan tashkillashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Vladimir Putinni “qotil”, deb bilishini aytgan edi. Bunga javoban, Putin Amerika rahbariga sog‘lik tilab, uni jonli efirdagi munozaraga taklif qildi. Bayden jamoasi esa Rossiya rahbarining ushbu tashabbusiga rad javobini berdi.