Festivallar o‘tkazish ko‘chani asfalt qilishdan ko‘ra muhimroq – Ozodbek Nazarbekov (video)
Jamiyat
−
29 avgust
15961Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov festivallar o‘tkazish ko‘chani asfalt qilishdan muhim ekanini aytdi. Bu haqda u 26 avgust kunidan 30 avgust kunigacha bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi davomida jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Sizlar ko‘p savol berasizlar bizga: maqom festivali qilyapsizlar, baxshchilik, hunarmandlar festivallari qilyapsizlar. Bular kerakmi? Undan ko‘ra asfalt qilgan yaxshimasmi, degan millionta har xil fikrlar bor. Lekin hozir bu, kechirasiz-u, bitta ko‘chani asfalt qilgandan ko‘ra muhimroq. Chunki inson madaniyatiga tahdid bostirib kelyapti, shuning uchun bunaqa festivallarga 3−5 mlrd so‘m ishlatish, menimcha, insonni asrab qolishda juda muhim. Madaniyat vaziri sifatida bunga asfaltdan ham muhimroq, boshqa narsalardan ham o‘ta muhim bo‘lgan masala, deb qarayman”, deydi Ozodbek Nazarbekov.
Ma’lumot uchun, marosimda UNESCO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va boshqa tashkilotlardan faxriy mehmonlar ishtirok etmoqda. Umuman, bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov odamlar “Ovoz” loyihasiga ajratilayotgan mablag‘larni malomat qilaverishsa, o‘z uyini sotib, pullarni davlatga qaytarmoqchi ekani haqda xabar berilgandi.