Toshkentdagi eng tirband ko‘chalardan biri yana 3 kunga yopiladi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi Kichik halqa avtomobil yo‘lining bir qismi qurilish-montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan 4 kunga transport harakati uchun yopiladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bunyodkor shoh ko‘chasi bilan kesishmasidan Arnasoy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida qurilish-montaj ishlari olib boriladi.

Avvalroq, ushbu yo‘lning qarama-qarshi tomonida kapital ta’mirlash va yangi asfalt qoplamasini yotqizish ishlari yakunlangan edi. Endilikda mazkur ishlar yo‘lning ikkinchi tomonida davom ettirilib, yuqori sifatli asfalt qoplamasi yotqiziladi.

Shu munosabat bilan bugun, 6 avgust soat 23:00 dan 10 avgust soat 08:00 gacha yo‘lning ta’mirlanayotgan tomoni, ya’ni Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bunyodkor shoh ko‘chasi bilan kesishmasidan Arnasoy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Ma’lum qilinishicha, avtotransport vositalari oqimi qarama-qarshi tomonga yo‘naltiriladi va harakat xaritada yashil rang bilan ko‘rsatilgan vaqtinchalik sxema asosida tashkil etiladi. Tez tibbiy yordam xizmati transport vositalari uchun alohida vaqtinchalik harakat yo‘nalishi tashkil etiladi.

Haydovchilardan yo‘l belgilariga rioya qilish, tezlikni pasaytirish va harakat yo‘nalishini oldindan rejalashtirish so‘ralgan. Mazkur vaqtinchalik cheklovlar yo‘lni sifatli kapital ta’mirlash va asfalt qoplamasini sifatli yotqizish hamda ishlarni xavfsiz yakunlash uchun zarurligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Mustaqillik shoh ko‘chasining ikkinchi bosqichida asfalt yotqizish ishlarini yakunlash munosabati bilan ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing