Allamjonovga otilgan o‘q. “Zakazchik” kim?
Tahlil
−
25 noyabr
24448Prezident Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan oxirgi axborot berilganidan 28 kun o‘tib, yana qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlandi. Shu vaqtgacha holatga “Qibraydagi qotillikka suiqasd”, deb nom bergan Bosh prokuratura bu gal holatni “Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish” deb atadi.
Bosh prokuraturaning axborot berishicha, ayni damda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. O‘rganishlar davomida hodisa sodir bo‘lgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida bo‘lgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda o‘tkazilgan tintuvlarda ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar aniqlangan. Shu vaqtgacha o‘tkazilgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ikki nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.
Prokuratura axborotiga ko‘ra, tergov organi qidirgani aytilib, ism-sharifi ochiqlanmagan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan. Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Prezident Administratsiyasi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq bilan eshitilmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. Kuni kecha, 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan sobiq administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi bilan bog‘lanmoqda. Albatta, yuqorida nomini sanaganimiz qudratli kursilardan olingan shaxslarning nima uchun ishdan olingani haqida aniq gap aytilganicha yo‘q. Qolaversa, bu ishlar Allamjonov bilan bog‘liqmi yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Masalan, avvalroq Allomjanovga suiqasdga aloqador deyilgan Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasiga qochib ketgani aytilgan edi. Suiqasd va bu gaplar bolalaganidan bir oy o‘tib, Bosh prokuratura Javlon Yunusovning qidiruvda bo‘lgani va u Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini tasdiqladi. Sobiq mulozimga nisbatan suiqasdda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ham qo‘li borligi haqida xabarlar tarqalgandi. Checheniston rahbari temirni qizig‘ida bosib, bunday ayblovlarni rad etdi va bu xabarlarni provokatsiya deb atadi.
“O‘zbekistonda bir necha hafta oldin mamlakat Prezidenti ma’muriyatining sobiq xodimi bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq natijalarni kutmasdan, g‘arbparast va ba’zi muxolifat OAVlari "chechen izi" haqidagi versiyani chiqardi va keyin bu izni butunlay menga ulashdi. Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qolaversa, O‘zbekistonda muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan, axborot va huquq-tartibot tizimidagi ishlar a’lo darajada. Men shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtirgan bo‘lsam, uni oxirigacha va 100% natija bilan ko‘raman”, deydi Ramzan Qodirov.
Holatga Ramzan Qodirovning aloqadorligi haqidagi gaplarni Qodirovning o‘zi rad etgan bo‘lsa ham O‘zbekiston tomoni bu borada jim qolmoqda. Bosh prokuratura holat sodir bo‘lib, turli videolar tarmoqlarga sizdirilishi ortidan OAV va blogerlarni tasdiqlanmagan axborotlarni e’lon qilishdan tiyilish va faqatgina rasmiy idoralarning bayonotlarini yoritishni tavsiya qilgandi. Ma’lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz, Allamjonovga suiqasd shu yilning 26 oktyabr kuni soat 01:40 larda sodir bo‘lgan edi. Allamjonovning haydovchisi boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
LiveBarchasi
26 noyabr