Hokimga ko‘krak nishoni
Tahlil
−
12 iyul
14199Boshqa mamlakatlarda bilmadim-ku O‘zbekistonda hokimlar so‘ksa, haqoratlasa yo vakolati bo‘lmasa ham qamatsa, ishdan olinmaydi. Go‘yo “hokim buva”larimiz daxlsizdek. So‘ksa ham, haqoratlasa ham, hatto qamatsa ham kreslosi qimir etmaydi ularning. Oradan ozgina vaqt o‘tadi, hamma voqealar unutiladi va ustiga-ustak, ular taqdirlanadi ham.
Bugun siz bilan o‘qituvchini qamatgan hokimning ko‘ksiga nishon taqilgani haqida gaplashamiz.
“Miltiq bo‘lsa otib tashlang” degan jumla yodingizda bo‘lsa kerak. Bu gaplar 2023 yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori tomonidan viloyat hokimiga qarata aytilgandi.
O‘shanda majlis vaqtida aytilgan bu gaplarning badali og‘ir bo‘ldi. Toshkent shahrining sobiq prokurori, hozirgi Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov sobiq maktab direktori tomonidan aytilgan so‘zlarni ko‘tara olmadi, shekilli, direktor ayol hokimning buyrug‘i bilan zaldan olib chiqib ketildi. Selektordan so‘ng ayol hibsga olingan va uning maktabga direktorlik qilgan davrini qayta tekshiruvdan o‘tkazish boshlangan.
Hokimga “mojno” bo‘lgan chog‘i darhol Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan, deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) 2-qismiga asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Xullas, o‘sha gap. Muammoni emas, uni aytgan odamning ketidan tushilgan.
O‘shanda bu voqealarga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirib, o‘qituvchi ma’muriy qamoq jazosidan ozod qilingani va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, vazir shaxsan direktor bilan telefon orqali muloqot ham qilgan.
Hilola Umarova hokimlarni pedagoglar faoliyatiga aralashmay, maktablardagi shart-sharoitlarini yaxshilashga e’tibor qaratishga chaqirgandi. O‘qituvchilarning ortida prezident turganini aytgan Umarova oradan bir yil ham o‘tmay viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovni “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Ta’lim “himoyachisi” emas, “homiysi”. Homiy so‘zining ma’nosini esa tushuntirish shart emas.
Qaysidir hokimning ko‘ksiga nishon taqilganini ha, deb ham yoritmaydigan o‘zbek mediasi bu voqelikni o‘tkazib yubormadi. Jamoatchilik faollari direktorni qamatishga vakolati bo‘lmagan hokimga chora ko‘rish o‘rniga taqdirlanganini tanqid ostiga oladi.
Jurnalist Anora Sodiqova “Hilola Umarova miltiq bo‘lsa otib tashlang … meni” deb o‘z fikrlarini qoldirgan.
“O‘qituvchini qamatgan hokimni vazir Hilola Umarova “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bir og‘iz so‘zi bilan o‘qituvchini qamatib yuborgani esingizdami? Bugun ana shu hokimni o‘qituvchilarning yetakchisi bo‘lgan vazir Hilola Umarova ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
O‘shanda Surxondaryo viloyati hokimiga xo‘rlangan o‘qituvchi “miltiq bo‘lsa otib tashlang”, degandi. Bunday adolatsizlik va mantiqsizlikni ko‘rib jonimiz azob chekmasin, Hilola Umarova miltiq bo‘lsa otib tashlang … meni.
Jurnalist Ilyos Safarov esa Xalq ta’limi vaziri tomonidan taqdirlanishi va bo‘lib ham nishon nomi “ta’lim homiysi” ekani – bu katta sharmandalik ekanini yozmoqda.
“O‘qituvchini qamatgan hokimning Xalq ta’limi vaziri tomonidan taqdirlanishi va bo‘lib ham nishon nomi “ta’lim homiysi” ekani – bu katta sharmandalik. Skleroz, strategiyasizlik, o‘qituvchilarga nisbatan hurmatsizlik. Bu, shuningdek, jamiyatga qarata erkin fikrli o‘qituvchining joyi qamoq, qamatganniki esa ko‘krak nishon, deyish ham.
Albatta, hokim o‘shanda haq bo‘lganiga ishonadi-da, albatta, keyingi faoliyatiga kuch oladi-da. Shundoq ham faoliyati gap-so‘zlardan chiqmayotgan vazir navbatdagi jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi”, deydi Safarov.
Tilshunos Azamat Akbarov esa amaldorni amaldor taqdirlaganini tanqid ostiga olgan.
“O‘qituvchini qamatgan hokimni vazir “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Hokimga nishon taqish ta’lim vaziriga qolibdimi, nimalar bo‘lyapti-ya! Amaldor amaldorni tabriklab yuribdi….
O‘sha voqea sodir bo‘lganida, “yoningizda biz bor!” deb kechasi telefon qilgan edi. Keyin, bu borada qo‘lidan hech ish kelmagach, direktor qamaldi. Endi bu borasinda masxaravozlik boshlanibdi-da! Ta’lim sohasi bu borasinda gullab-yashnaydi…
Sizlarni bilmadimu, menda “yangi”, “ko‘krak nishoni”, “poydevor” so‘zlariga allaqachon allergiya boshlangan. Qaysi soha abgor bo‘lsa, o‘sha sohadagilarga ko‘proq ko‘krak nishoni beriladi. “Veteran”lar bosib ketdi...”, deydi tilshunos.
Bizni tomosha qilayotganlar hokim qaysi ishni “qotirgani” uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, deyayotgan bo‘lishi aniq. To‘g‘risini aytganda, bu savol bizni ham qiziqtirdi va bunga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidagilar bilan bog‘landik. O‘zini tanitishni istamagan vazirlik mulozimiga ko‘ra, viloyat hokimiga bekordan bekor “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni berilmagan.
“2023-2024 yilda Axborot texnologiyalari fan olimpiadasining Respublika bosqichi joriy yilning 24-27 mart kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkazildi. Ushbu jarayonni tashkil qilish uchun mahalliy byudjetdan 293 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, viloyat hokimi sovrini uchun “Surxon yoshlari” olimpiadasi – yangi tizim tashkil qilinib, unda jami 16 mingdan ziyod kishi qatnashdi. Bu uchun viloyat hokimi tomonidan 100 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, 124 ta umumta’lim maktab hududlari atrofini o‘rash uchun 4,3 mlrd so‘m sarflandi. 961 ta maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida viloyat hokimi kubogi uchun “Zakovat” intellektual uyini tashkil qilinib, g‘olib bo‘lgan 28 ta umumta’lim maktabiga jami 560 mln so‘mlik (elektron doska hamda noutbuk) berildi.
Umumta’lim maktablarining kutubxonalariga 2 mlrd mablag‘ evaziga 100 000 (yuz ming) dona kitoblar jamlanmalari taqdim etildi. Sportning “Mini futbol” turida bo‘lib o‘tgan “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasida g‘olib bo‘lgan maktablar jamoalariga sport zal qurish va sport jihozlari uchun 2 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Viloyatdagi umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini hamda infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 150 ta umumta’lim maktablaridagi hojatxonalarda 3 mlrd so‘mlik, 14 ta maktabda 18,5 mlrd so‘mlik hamda 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 16,2 mlrd so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi”, deydi vazirlik xodimi.
Buni qarangki, hokimning fuqarolar to‘lagan soliqlardan maktablarga qilgan yaxshiligi bee’tibor qolmabdi-yu, Surxondaryo viloyat “kattasi”ning maktab direktorini ishdan bo‘shatgani, maktabda tekshiruv boshlatgani unutilibdi. O‘zi hokimning bu kabi tekshiruvlarni o‘tkazish va maktab direktorini ishdan bo‘shatishga vakolati bormi?
Orangizda huquqshunoslar bo‘lsa izohda yozib qoldirsin.