Fermerlarga dizel uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
Jamiyat
−
16:27 611 2 daqiqa
Endilikda paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar birja orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isi narxi belgilangan chegaradan oshsa, davlat ortiqcha xarajatning 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qoplaydi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 29 iyul kuni 3912-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizomda belgilangan.
Nizomga ko‘ra, joriy yilning 1 aprelidan 1 iyuligacha paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isining 1 tonnasi narxi 13 million so‘mdan oshgan bo‘lsa, ortiqcha xarajatning 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiya sifatida qoplanadi.
Mazkur subsidiyani olish uchun fermerlardan alohida ariza talab etilmaydi. Mablag‘lar proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.
Buning uchun dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi, fermerning ekin maydonlari va ekin turlari Agroportal axborot tizimiga kiritilgan bo‘lishi hamda yoqilg‘i agrotexnologik xaritada belgilangan aprel-iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun sarflangan bo‘lishi lozim.
Subsidiya miqdori Agroportal ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda hisoblanadi. Hisoblangan mablag‘lar vakolatli organ tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Agar texnik nosozlik yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilish sababli fermerga oid ma’lumotlar vakolatli organga yetib bormasa, u yozma ravishda yoki Agroportal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 15 yil ishlagan tibbiyot xodimlarining farzandlari uchun kontrakt to‘lovining 30 foizigacha qoplab berilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi