Tibbiyot xodimlari farzandlariga kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi

Jamiyat

image

15 yil ishlagan tibbiyot xodimlarining farzandlari uchun kontrakt to‘lovining 30 foizigacha qoplab beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan bo‘lib, hujjat Prezidentning 2025 yil 9 noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi 336-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan, amalda faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari respublika oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat yo‘nalishida o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt summasining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Subsidiya yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdorida ajratiladi. Biroq to‘lanadigan mablag‘ bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmasligi kerak.

Bunda, masalan, yillik kontrakt summasi 20 mln so‘m bo‘lsa, uning 30 foizi ya’ni 6 mln so‘m qoplanadi. Yuqori kontrakt summalarida esa subsidiya belgilangan maksimal miqdor bilan cheklanadi.

Imtiyozdan foydalanish uchun ota-ona davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgan bo‘lishi va kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim. Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.

Arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni elektron shaklda amalga oshiriladi. Xodimning ish joyi va staji, farzand bilan qarindoshlik hamda talabaning oliy ta’limdagi holati tegishli axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi.

Shuningdek, qaror bilan davlat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun ayrim davlat xizmatlari bo‘yicha 50 foizlik chegirmalar ham joriy qilinmoqda.

Mazkur imtiyozlar kadastr, elektron raqamli imzo, ayrim sertifikatlar, apostil, ma’lumotnomalar olish hamda oliy ta’limga qabul bilan bog‘liq xizmatlarga tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 10 oktyabrdagi qarori bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, 15 yillik ish stajiga ega xodimlar farzandlarining kontrakt to‘lovlarini qoplash bo‘yicha qator imtiyozlar belgilangan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing