Fermer ko‘pincha hosil tufayli emas, balki boshlang‘ich mablag‘ yetishmasligi sababli yutqazadi

Biznes

image

Savdo-sanoat palatasida 18 iyul kuni eksportchilar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda dolzarb masalalar ko‘tarildi. Tadbirda O‘zbekistonda meva-sabzavot yetishtirish uchun imtiyozli moliyalashtirish mexanizmini joriy etish taklif qilindi. 

International Beverages Tashkent asoschisi va Samarkand Gardens Plast vakili Shuhrat Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bozorida yiliga 1,3 million tonna muzlatilgan meva va sabzavotlar iste’mol qilinadi. Biroq O‘zbekistondan eksport qilinayotgan muzlatilgan mahsulotlar hajmi 30 – 40 ming tonnani tashkil qiladi, xolos. Unga ko‘ra, bir gektar brokkoli, gulkaram yoki bulg‘or qalampir yetishtirgan fermer 100 million so‘mgacha daromad qilishi mumkin. 

Ergashev fermerlarda mavsum davomida aylanma mablag‘ yetishmovchiligi kuzatilishini ta’kidlab, bank, fermer xo‘jaligi va qayta ishlash zavodlarini o‘zaro bog‘laydigan yangi tizimni joriy etishni taklif etdi. Mazkur tizimga ko‘ra, banklar fermerlarni moliyalashtiradi, zavodlar esa mahsulotni qat’iy belgilangan narxda xarid qilishni kafolatlaydi. Bu esa banklar uchun loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini baholashda qulaylik yaratadi. 

Shuningdek, u mavsum boshida fermerlarning soliq to‘lash, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i xarid qilish, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish va ishchilarga ish haqi to‘lash uchun mablag‘ga ehtiyoji borligini bildirdi. Shu sababli banklar tomonidan fermerlarga kredit ajratish, davlat tomonidan esa ushbu kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 30 – 50 foizigacha qoplab berilishi taklif etildi. 

O‘zbekiston iqlim sharoiti brokkoli, gulkaram va bulg‘or qalampir kabi ekinlar yetishtirish uchun qulay hisoblanadi. Bu mahsulotlar Rossiya bozorida ham yuqori talabga ega. Shuhrat Ergashevga ko‘ra, bir gektardan 10 – 15 tonnagacha brokkoli olish mumkin. 

“Davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarni investitsiya sifatida baholash kerak. Qancha mablag‘ ajratilayotganini va uning 5 – 10 yildan keyingi natijasini chuqur tahlil qilish lozim”, deya ta’kidladi u.

Fermerlar, banklar va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida uch tomonlama kelishuvlar asosidagi hamkorlik samaradorligi alohida qayd etildi. 

Ergashevning fikricha, muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqarish nisbatan barqaror biznes sanaladi, chunki mahsulotni saqlash muddati bir necha yilni tashkil qiladi. Misol sifatida u Rossiya bozorida muzlatilgan brokkoli va gulkaram yetkazib berishning 90 foizini tashkil qilayotgan Misr tajribasini keltiradi. 

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa aynan garov masalasini asosiy to‘siqlardan biri sifatida ko‘rsatib, paxta va bug‘doy fyucherslariga o‘xshash kelishuvlarni joriy etish va kredit foizlarini davlat tomonidan qoplashni taklif qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

eksport meva-sabzavot Savdo-sanoat palatasi Fermer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing