Prezident 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni buyurdi
Jamiyat
−
21 iyul 10659 2 daqiqa
Eksport yo‘nalishida o‘zgarish qilmagan 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligi bugunning o‘zida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Bosh vazirga topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda olti oy yakuni bo‘yicha sanoat va eksport ko‘rsatkichlari ham tanqidiy tahlil qilingan.
Birinchi chorak yakunida sanoat rejasiga chiqmagan 13 ta tuman hokimi va eksportni kamaytirgan 15 ta tuman hokimi jazolangan. Ko‘pchilik hokimlar bundan xulosa chiqarib, olti oylik prognozlarni bajargan. Lekin ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sishi sur’ati pasaygani qayd etilgan.
Yangiobod tumanida sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7 foiz o‘rniga atigi 1,8 foizni tashkil etgan. G‘ozg‘on shahri, Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida ham o‘sish sur’ati tushib ketgan.
Eksport yo‘nalishida ham qator tuman va shaharlarda o‘zgarish bo‘lmagani ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, Kasbi, Denov, Toshkent tumani, Jizzax shahri, Paxtaobod, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l, Yozyovon va Bektemirda ishlar susaygani tanqid qilingan.
Bosh vazirga ushbu 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqish topshirilgan.
To‘qqiz oy yakunida o‘zgarish bo‘lmasa, viloyat hokimi o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy chora ko‘rilishi belgilangan.
Live
Barchasi