“Fenerbahche” prezidenti giyohvand moddalar ishi bo‘yicha sudga chaqirildi
Sport
−
20 dekabr 677 1 daqiqa
Turkiyaning “Fenerbahche” futbol klubi prezidenti Sadettin Saran ommaviy axborot vositalari va shou-biznes vakillari ishtirokidagi yuqori darajadagi giyohvand moddalar bo‘yicha tergov doirasida ko‘rsatma berish uchun sudga chaqirildi. Bu haqda “Turkiye today” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Saran ushbu ishda gumon qilinayotgan shaxslar qatorida tilga olinmoqda. U joriy yilning 17 dekabr kuni kechqurun chet eldan Turkiyaga qaytgach, darhol Istanbuldagi Chag‘layan sud binosiga borib, tergovchilarga ko‘rsatma bergan.
Bungacha aynan shu tergov doirasida sud “Haberturk” telekanali bosh muharriri va mashhur teleboshlovchi Mexmet Akifa Ersoyani hibsga olgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, uning organizmida giyohvand moddalar izlari aniqlangan, biroq Ersoya har qanday qonunbuzarlikni qat’iyan rad etgan.
Ma’lum qilinishicha, oktyabr oyidan beri Turkiyada keng ko‘lamli giyohvand moddalar savdosiga qarshi operatsiyalar olib borilmoqda. Ushbu reydlar davomida bir nechta aktyorlar va ijtimoiy tarmoqlardagi mashhur shaxslar hibsga olingan. Ayrim gumonlanuvchilarning qonida va sochlarida giyohvand moddalar izlari topilgan.
Shu bilan birga, mutaxassislar ayrim holatlarda aniqlangan moddalar qonuniy ravishda sotiladigan dori vositalari tarkibiga kirishini ham qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada o‘yinlarga pul tikish mojarosi sababli ikki klub prezidenti hibsga olingan edi.