“Fenerbahche” prezidenti hibsga olindi
Sport
−
24 dekabr 1990 2 daqiqa
Turkiyaning “Fenerbahche” futbol klubi prezidenti Sadettin Saran giyohvand moddalar bo‘yicha test ijobiy chiqqanidan so‘ng qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 24 dekabr kuni Istanbul bosh prokuraturasiga tayanib, “Fanatik” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Saranning giyohvand moddalar bo‘yicha topshirgan testi ijobiy natija bergan. Uning soch namunalarida kokain izlari aniqlangan. Saran bu haqda xabar topgach, ayblovni rad etib, xususiy laboratoriyada yana bir bor test topshirgan.
“Jarayon davomida qo‘shimcha dalillar olingach, gumonlanuvchi Stiven Sadettin Saran giyohvand moddalarni sotish, ularni iste’mol qilishga ko‘maklashish va bevosita iste’mol qilish ayblovlari bilan jandarmeriya tomonidan qo‘lga olindi”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Saran chet el safaridan qaytgan zahoti so‘roqqa chaqirilgan.
O‘tgan hafta Turkiyada giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida “Habertürk” telekanalining bosh muharriri va mashhur teleboshlovchi Mehmet Akif Ersoy sud tomonidan hibsga olingan. Uning ham giyohvand moddalar bo‘yicha testi ijobiy chiqqan, biroq Ersoy ayblovni rad etmoqda.
Turkiyada bunday operatsiyalar joriy yil oktyabr oyidan beri o‘tkazilmoqda. O‘shanda boshlangan tergov doirasida bir qator aktyorlar va inflyuyenserlar qo‘lga olingan, ularning ayrimlarining qonida va sochlarida giyohvand moddalar izlari aniqlangan. Shu bilan birga, ba’zi ushlangan shaxslarda retsept asosida dorixonalarda sotiladigan dori vositalari tarkibidagi moddalar izlari ham aniqlangan.
Live
Barchasi