Fashizm, irqchilik va antisemitizmga qarshi kurash kuni. Bu kun qanday paydo bo‘lgan?

Bu qiziq

image

Butun dunyoda 9 noyabr kuni Xalqaro fashizm, irqchilik va antisemitizmga qarshi kurash kuni (International Day Against Fascism, Racism and Antisemitism) o‘tkaziladi. U 46 mamlakatdan 560 dan ortiq tashkilotlarni birlashtirgan UNITED Irqchilikka qarshi xalqaro tarmoq tashabbusi bilan tashkil etilgan.  

Ushbu kunning aynan 9 noyabrda nishonlanishi tarixga borib taqaladi. 1938 yil 9 noyabrdan 10 noyabrga o‘tar kechasi Germaniyada “Billur kecha” yoki “Vitrinalar sindirilgan kecha” deb nomlangan ommaviy yahudiy qirg‘ini boshlandi. Bu Uchinchi Reyx tomonidan yahudiylarga qarshi birinchi ommaviy jismoniy zo‘ravonlik bo‘ldi. O‘shanda fashistlar 90 dan ortiq odamni o‘ldirdi, 30 ming yahudiy asirga olinib, konslagerlarga yuborildi. Yuzlab ibodatxonalar yoqib yuborildi, yahudiylarga tegishli minglab do‘kon vitrinalari sindirildi. Qirg‘inning nomi ham shundan kelib chiqqan. 

1938 yildagi bu voqealar Xolokost — yahudiy xalqiga qarshi ommaviy zo‘ravonlikni boshlanishini belgiladi. Natijada 6 millionga yaqin yahudiy halok bo‘ldi. 

Xolokost faqat bir xalqning muammosi emas, balki bir millatning boshqalardan ustunligiga ishonch nimalarga olib kelishining namunasidir. Bundan tashqari, dunyoning aksariyat mamlakatlariga ta’sir qilgan Ikkinchi Jahon urushi fojialariga qaramay, butun fashistik mafkura ildizidan yo‘q qilingani aytilgan bo‘lsa ham, so‘nggi yillardagi vaziyat shuni ko‘rsatadiki, aslida bunday emas. 

Fashizmparast mafkura tashkilotlari hatto eng ko‘p sinovlarga uchragan davlatlarda ham rasmiy ro‘yxatga olingan va qonuniy faoliyat yuritadi. 

Shu bois, bugungi kunda ahmoqlik yoki bilimsizlik tufayli bunday tashkilotlarga qo‘shilganlarga tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu, birinchi navbatda, yoshlarga taalluqlidir, chunki ular Yer sayyorasining kelajagi. 

Har yili Xalqaro fashizm, irqchilik va antisemitizmga qarshi kurash kunida ko‘plab mamlakatlarda natsizm qurbonlari, terror qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, mitinglar, namoyishlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi. 

Ma’lumot o‘rnida, fashistlar Germaniyasi va uning ittifoqchilari boshlagan Ikkinchi jahon urushi davomida urushayotgan davlatlar jami 110 mlndan ziyod odamni armiyaga jalb qilgan, ularning 25 mlnga yaqini halok bo‘lgan. Harbiy bo‘lmaganlarni ham qo‘shib hisoblaganda urush qurbonlari soni 65 mln nafardan oshadi.


Maqola muallifi

Teglar

fashizm irqchilik

Baholaganlar

79

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing