Farmatsevtika bint, spirt, shprits, analgin va sitramondan ortmayapti – Prezident
Jamiyat
−
05 fevral
7063O‘zbekiston farmatsevtikasida ishlab chiqarish bint, spirt, shprits, analgin va sitramondan ortmayapti. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 fevral kuni o‘tkazilayotgan 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollarga yetgan. Lekin, bu bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40-45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi.
Oddiy qilib aytganda, o‘zimizda ishlab chiqarish bint, spirt, shprits, analgin va sitramondan nariga o‘tmayapti. Dorilarni yashirin aylanmasi bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayapti.
Yig‘ilishda dori vositalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Ayniqsa, antibiotik qabul qilish ustidan nazorat umuman yo‘q. Protokollarga amal qilmasdan, “pul ishlash” uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti. Bundan xalqimizni sog‘lig‘i ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘ryapti”, deydi Prezident.
Yig‘ilishda kasalga aniq tashxis qo‘yish va davolashda vrachlarning aksariyatida texnologik karta mavjud emasligi, ayrim protokollar esa eskirgani ko‘rsatib o‘tildi. Poliklinika va shifoxonalarda xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirildi.
Oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil bo‘lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.