Farg‘oniy fazoda. O‘zbeklar qachon uchadi?
Texnologiya
−
16 yanvar
4815
Avvalroq, Turkiyaning Fergani Space kompaniyasining birinchi sun’iy yo‘ldoshi koinotga uchirilgani haqida xabar berilgan edi. Kompaniya bosh direktori Seljuk Bayroqdorning ma’lum qilishicha, FGN-100-d1 global joylashuv tizimi – GPS’ning bir qismiga aylanadi. Eng qizig‘i, mazkur sun’iy yo‘ldoshni uchirgan kompaniya o‘zbekistonlik buyuk fazogir Ahmad al-Farg‘oniy nomi bilan ataladi.
“Farg‘oniy G‘arbda Alfraganus nomi bilan mashhur. O‘z davrida muhim kashfiyotlar qilgan o‘zbek koinotshunos olimi. Uning nomini hurmat qilib, bu nomni tanladik. Biz Turkiyaning Farg‘oniysi bo‘lmoqchimiz. Biz o‘z sivilizatsiyamizning mustahkam ildizlaridan oziqlanib, yurishimizni davom ettirmoqchimiz”, deya javob bergan Bayroqdor nega aynan bu nomni tanlagani haqidagi savolga javoban.
Xo‘sh, bugun turklar o‘zbek ajdodlari nomini fazoga uchirayotgan bir paytda o‘zbek kosmiklari nima ish qilyapti? Bugun, 16 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekkosmos” agentligining 2024 yilgi faoliyatiga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda aytilishicha, O‘zbekistonning kosmik sohaga javobgar yagona yirik tashkiloti, asl vazifasi kosmik tadqiqotlar o‘tkazish, zimmasiga samoga sun’iy yo‘ldosh uchirish yuklatilgan, nomi ulug‘vor “O‘zbekkosmos” agentligi asosan geologik va ekologik sohada ishlarni qilmoqda.
“Aerokosmik texnologiyalarni qo‘llagan holda olib borilayotgan Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali ekologiya, geologiya, qishloq xo‘jaligi, yer munosabatlari, suv xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi kabi sohalar tahlil qilinib, 100 mingdan ortiq ehtimoli yuqori bo‘lgan qonunbuzilish holatlarni aniqladi.
Xususan, agentlik muassisligidagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi tomonidan yer munosabatlari yo‘nalishida butun respublika kesimida 96 ming 312 ta qariyb 9 ming 200 gektar ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar mavjudligi aniqlangan”, deyildi mazkur matbuot anjumanida.
Qolaversa, Davlat kosmik monitoringi doirasida ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha 12 ta hududning qariyb 721 gektar maydonida 1 ming 928 ta noqonuniy chiqindixona mavjud ekanligi aniqlangan.
“Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi atrof-muhit hamda yer unumdorligiga yetkazilayotgan zararlarni aniqlash va oldini olish maqsadida kosmik monitoring orqali Surxondaryo, Toshkent, Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryoda 2024 yilning iyun-iyul oylarida boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan 31 ming 483,2 gektar maydonda somon poyalari va qoldiqlari yonishi bilan bog‘liq jami 2 ming 266 ta holatni aniqladi”, dedi agentlikning Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muxiddin Ibragimov.
Xo‘sh, somon dalalaru, noqonuniy uylarni aniqlashdan nariga o‘tmayotgan “O‘zbekkosmos” o‘z nomiga mos ilmiy kosmik izlanishlar ham olib boryaptimi? QALAMPIR.UZ jurnalisti ayni shu savol bilan mas’ullarga yuzlandi. “O‘zbekkosmos” agentligi Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibragimovning aytishicha, kosmonavt uchirish oson, ammo bu O‘zbekistonga hozir kerak emas.
“O‘zbekistonga sun’iy yo‘ldosh kerakmi, degan savolga 2022 yilda “yo‘q”, degandim. Sababi o‘sha paytda bizda yo‘ldosh uchirishdan umuman mantiq yo‘q edi, chunki bozor yo‘q edi. Mana, aytaylik, sun’iy yo‘ldosh uchirdingiz, uchirganingizdan keyin 100-200 million dollar soliq to‘lovchilarning puli ishlatiladi. Ertaga menga aniq rahmat demaysiz.
Undan tashqari, boshqa hech qanday samaradorlik yo‘q. Chunki bozor shakllantirilmagan. Vazirlik-idoralarga borib yoki xususiy sektorga borib, sun’iy yo‘ldosh olgan suratni beraman desangiz, oldin suratlar yopiq bo‘lgan, ishlata olmasdingiz. Vazirliklarda ishlatadigan odam yo‘q edi. Sun’iy yo‘ldoshning o‘z yaroqlilik muddati bor, 5-7 yil uchadi. Besh yil, yetti yildan keyin bo‘ldi, o‘chadi. O‘chgandan keyin sizda tabiiy savol tug‘iladi: soliq to‘lovchi sifatida “nima qildinglar o‘zi?” deysiz. Shu savollarning oldini olish maqsadida biz birinchi fundamentni tayyorladik. Bugunga kelib, hozir O‘zbekistonda deyarli 600 mingdan – 1 million kv/km suratlarni qayta ishlash bo‘yicha bozor yaratildi. Ham davlat, ham xususiy sektorda. Mana, endi bizlar sun’iy yo‘ldosh guruhini uchirish bo‘yicha, men bemalol ayta olaman, ishlar olib boryapmiz. Chunki Prezident qarori bo‘yicha bizga topshiriq berilgan, mana shu yerni masofadan zondlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh guruhini o‘rganib chiqib, taklifini kiritishimiz kerak. Biz hozir shu bo‘yicha turli davlatlar bilan ishlayapmiz. Hisob-kitob, hammasini joyiga qo‘yganimizdan keyin oxirida mana shu taklifni kiritamiz. Keyin bir yechim qabul qilingach, biz, albatta, sizlar bilan ulashamiz”, dedi Ibragimov.
Biroq turk birodarlarning bu boradagi fikrlari boshqacha. Seljuk Bayroqdorning aytishicha, bugun osmonlariga hokim bo‘lolmagan xalqlar Vatanlarini qo‘riqlay olmaydi.
“Osmonini boshqara olmagan xalqlar o‘z Vatanlarini himoya qila olmaydilar. Bugun biz mustaqillikning 100 yilligini nishonlayotganimizdek va G‘ozi Mustafo Kamol Otaturkning “Kelajak osmonda” deganidek, kosmik maydonlarga ega bo‘lmagan va hukmron bo‘lmagan xalqlar o‘zlarini, huquqlarini va manfaatlarini himoya qila olmaydilar. Shu ma’noda, biz uchuvchisiz havo vositalarimizdan olgan uskunalar va bilimlarimiz orqali koinot bilan bog‘liq tashabbusni o‘rnatdik. Bu sohada ham muhandislik guruhi bilan ish boshladik”, degan Seljuk Bayroqdor.
“O‘zbekkosmos” agentligi mas’uli Muhiddin Ibragimov ham Turkiyaning “Fergani”sini maqtab, kompaniya sinov tariqasida uchira boshlagan sun’iy yo‘ldoshlar loyihasida O‘zbekiston ham qatnashishini ma’lum qildi.
“Fergani” juda zo‘r loyiha! Ularning asosiy yo‘nalishi bu yaqin IOT va GPS. GPS’ga raqobatchi sifatida qilishyapti. Ilmiy loyiha sifatida ketyapti, hozir ular sinov tariqasida yurgizishdi. Biz ham ular bilan yaqindan aloqadamiz. Ularda hozir besh yil ichida 100 ta sun’iy yo‘ldosh uchirilishi kerak. Qaysidir qismida biz ham ishtirok etish bo‘yicha o‘zimizning qiziqishimizni bildirdik.
Tadqiqot bo‘yicha Turkiy davlatlar kengashi doirasida bir nechta davlat bor… men hozir to‘liq hammasini aytib bera olmayman, chunki hali ochiqlashga tayyor emasmiz. Ilmiy sun’iy yo‘ldosh hozir yasalyapti. Ilmiy sun’iy yo‘ldoshning bir qismini O‘zbekistonda biz qilyapmiz.
O‘sha qurilmaning bitta texnologik qismini biz bu yerda yaratib, uni sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilamiz. Adashmasam, 2026 yilning o‘rtasida bu sun’iy yo‘ldoshni uchiramiz. Bu to‘liq O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshi emas, lekin bir qismi O‘zbekistonda yaratilgan, bu sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilinadi. Mana shu loyiha ustida ishlayapmiz. Xudo xohlasa, hamma rasmiyatchiliklar yakunlansa, albatta, sizlar bilan bu narsani bo‘lishamiz”, dedi u.
Ammo buning uchun agentlik birinchi navbatda kadrlar muammosini hal qilishi lozim. Bugun buyuk fazogir Farg‘oniy yurtida kosmonavtlar tayyorlanmaydi. Maktablarda astronomiya fanlari allaqachon bekor qilingan.
“Hozir O‘zbekiston hududida kosmonavt tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmayapti. Kosmonavt uchirish juda ham oson narsa. Hozirgi paytda, aytaylik, shu xalqaro kosmik stansiyasiga, NASA’dagi amerikalik hamkasblarimizga 50-60 million dollar pulini to‘lab bersak, hozir ham uchirsak bo‘ladi.
Nima uchun bu narsani hozir to‘xtatib turibmiz? Chunki uchgan kosmonavt borib, qo‘pol qilib aytganda, selfi tushib kelishi kerak emas. Har bir kosmonavt, avvalambor, bu olim yoki injener hisoblanadi. U davlat manfaati uchun kosmosda izlanishlar va tadqiqotlar olib borishi kerak. Chunki kosmosda hozirgi paytda juda ko‘p yangiliklarni amalga oshirish mumkin, yerda bajarib bo‘lmaydigan ishlar ham kosmosda amalga oshirilishi mumkin, chunki u yerda boshqacha muhit mavjud. Endi biz shu darajaga yetib kelishimiz kerak. Fanlar akademiyasi va boshqa olimlar bilan birgalikda ishlab, qandaydir dastur yaratganimizdan keyin biz bu masalaga yetib kelamiz”, deydi “O‘zbekkosmos” agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov.
LiveBarchasi