Farg‘onada yosh yigitlarni niqobli chegarachilar nega kaltakladi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda qurollangan va yuziga niqob taqqan chegarachilarning yosh yigitni haqoratlab, do‘pposlayotgani tasvirlangan video tarqaldi. O‘zbekiston Repsublikasi Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qo‘shinlari mazkur holatni izohladi. 

Unda qayd etilishicha, joriy yilning 10 noyabr kuni soat taxminan 17:00 atrofida Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining Hosilot chegaraoldi aholi punktida, videolavhada ko‘rsatilgan ko‘prik yonida chegara naryadi xizmat olib borgan. Uning vazifalari orasida chegaraoldi hududida, yuqoridagi holatda esa, ko‘rsatilgan hududda harakatlanayotgan avtotransport vositalarini tekshirish bo‘lgan.

Shu vaqtda fuqarolar U.S. va A.F. ushbu hududda Nexia-2 rusumli avtomobilda harakatlangan. Ular naryadning to‘xtash haqidagi buyrug‘i talablariga e’tibor bermay, chegaraoldi naryadiga qarab harakatlanish manyovridan foydalangan holda, yuqori tezlikda yashiringanlar.
 
Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, ushbu fuqarolar ortga qaytib, chegarachilar yonida to‘xtashgan va mojaro keltirib chiqarishga urinishgan, chegara naryadini haqorat qilishgan hamda to‘plangan mahalliy aholini harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga e’tibor bermaslikka chaqirishgan. Shu tariqa, ular O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 196-1-moddasi (Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.

Shundan so‘ng, fuqarolar U.S. va A.F. “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasi va “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 44-moddasi talablariga muvofiq jismoniy kuch ishlatgan holda qo‘lga olingan.
 
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek avtoulovni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar yo‘q bo‘lgan.

Natijada, ular belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun ichki ishlar organlariga topshirildi.

Qayd etilishicha, fuqaro U.S. bundan oldin bir necha bor davlat chegarasi rejimini buzganligi va u orqali turli xil tovar-moddiy buyumlarini noqonuniy ravishda olib o‘tgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy prokuratura xodimlari bilan birgalikda ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib bormoqda. 

Bildirilishicha, chegara naryadi va fuqarolarning harakatlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

DXX

Baholaganlar

283

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing