Farg‘onada voyaga yetmagan qizning o‘limiga sabab bo‘lgan Lacetti haydovchisi qamaldi
3-sahifa
−
13:49
2364Farg‘ona viloyatida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Lacetti haydovchisi qamaldi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, holat 4 iyun kuni Dang‘ara tumani Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishining 9-kilometrida sodir bo‘lgan.
Lacetti haydovchisi S. tanishi H. bilan birgalikda mashinada harakatlanayotgan bo‘lgan. Yarim yo‘lda mashina boshqaruvini H. olgan va avtomobilni soatiga 130 kilometr tezlikda haydab ketgan. Buning oqibatida mashina fuqaro A. boshqaruvida bo‘lgan Damas avtomobilining orqa tomoniga zarb bilan urilgan. Oqibatda ikkala mashina haydovchilari va yo‘lovchilari, jami 4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay Damas salonida bo‘lgan voyaga yetmagan qiz shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan sud ishida ayblanuvchi H. aybiga qisman iqror bo‘lib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplay olmasligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. Sud jabrlanuvchilarga jami bo‘lib 113 million so‘m miqdorda zararni undirishni belgiladi.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilib, 3 yil avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etildi va 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida Cobalt yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan 13 va 4 yoshli opa-singillarni urib ketgandi. Oqibatda opa-singillar turli tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan gumonlanuvchi O.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi va 117-modda (Xavf ostida qoldirish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U hozirda ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonaga joylashtirilgan.
LiveBarchasi