Farg‘onada ustozining Damas’ini haydagan bola YTHga uchrab, vafot etdi (video)
3-sahifa
−
31 yanvar 9277 2 daqiqa
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida 17 yoshli bola ustozining Damas’ida BYD bilan to‘qnashib, olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 30 yanvar kuni o‘tkazilgan reyd tadbiri davomida 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro M.G‘. amakisi Yo.G‘.ga tegishli BYD Song EV rusumli avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqargani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Vazirlar Mahkamasining 149-son qarori asosida YPX inspektori safdor R.Q. tomonidan jarima maydonchasiga olib ketilayotganda 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan X.N. ustozi A.S.ga tegishli (ustozi A.S. voyaga yetmagan X.N.ning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligini bila turib, avtomobilni unga bergan) Damas rusumli avtomobilni haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, “Qapchug‘ay” mahallasida ikkinchi darajali yo‘ldan asosiy yo‘lga chiqishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Bildirilishicha, YTH oqibatida Damas haydovchisi X.N. tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Termiz tumani Qoraxon mahallasi hududida Damas mashinasi urib yuborgan 8 yoshli bola halok bo‘lgan.
Live
Barchasi