Farg‘onada soxta IIB xodimi 6 yil 2 oyga qamaldi

Jamiyat

image

Farg‘onada o‘zini IIB xodimi sifatida tanishtirib, ko‘plab odamlarni chuv tushirgan firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA nashri xabar tarqatdi.

Marg‘ilonlik B.A. firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan. U bir necha bor sudlangan bo‘lsa-da, aslo xulosa chiqarmadi. Odamlarni aldab, chuv tushirib, osongina pul topish yo‘llarni izlay boshladi. Ichki ishlar organi xodimining maxsus ust-boshini egniga ilib, yangi jinoyatlarni amalga oshirish uchun yo‘lga chiqdi.

B.A. 2018 yil 17 avgust kuni Farg‘ona tumanidagi Avval qishlog‘ida joylashgan “Texnomark” kredit-savdo do‘koniga IIB xodimining dala yozgi kiyimida borib, u yerda ishlovchi X.Hasanovga o‘zini IIB xodimi deb tanishtirdi. Kredit-savdo do‘konidan bir dona narxi 4 million 800 ming so‘mlik “LG” rusumli kir yuvish mashinasi va bir dona narxi 1 million 850 ming so‘mlik “Samsung J-5” rusumli telefon apparatini sotib olishini aytib, kelishilgan pullarni Farg‘ona shahridagi yashash xonadonidan olib berishini bildirib, aldab, mulklarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

U xavfli retsidivist bo‘lgani holda o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, Oltiariq tumani “Qiziltepa” mahallasida yashovchi S.Abdumalikov bilan uchrashib, unga o‘zini IIB xodimi deb tanishtirib, aldab, undan bir bosh qo‘yni 1 million 800 ming so‘mga sotib olishga kelishgan. Garov tariqasida avtomashina texnik pasportini berib, bir bosh qo‘yni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, uni sotib, pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan.

Shuningdek, B.A. bir necha epizodlarda ham odamlarni o‘z tuzog‘iga ilintirib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan. Hatto B. Mahmudovga tegishli avtomashinani 2500 AQSH dollari evaziga sotib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan.

Har qanday jinoyat javobsiz qolmaganidek, yuqoridagi jinoiy holatlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borildi va B.A. ehtiyot chora sifatida qamoqqa olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi hamda B.A. uzil kesil 6 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing