Farg‘onada Nexia haydovchisi avtobus shofyorini pichoqladi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida yengil avtomobil haydovchisi yo‘lovchi tashuvchi avtobus haydovchisini pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda bugun, 27 may kuni Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, Nexia rusumli mashina haydovchisi Farg‘ona shahriga kiraverish chorrahasida turganda  yo‘lovchi tashuvchi avtobus haydovchisi uning orqasidan kelgan. Sodir bo‘lgan tushunmovchilik oqibatida avtobus yengil mashinani turtgan. Bundan jahli chiqqan Nexia haydovchisi avtomashinasidan tushib, avtobus haydovchisini haqoratlagan va qo‘lida pichoq bilan u tomonga yurib kelishni boshlagan. Buni ko‘rgan avtobus haydovchisi voqea joyini tark etgan.

Shundan so‘ng u avtobusdan yo‘lovchilarni tushirib, garajga borgan. U yerda uni Nexia haydovchisi kutib olgan. Avval ular dahanaki jang qilgan, so‘ng yengil avtomobil haydovchisi pichoq bilan avtobus haydovchisiga qasddan ziyon yetkazgan.

Tergov davomida hujum sodir etgan shaxs giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgani, shuningdek, ilgari bir necha marta sudlanganligi aniqlangan.

Farg‘ona shahar sudi unga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 2- qismi, 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marg‘ilonda fuqaro eski adovat ortidan boshqa bir kishiga suiqasd qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud pichoqladi avtobus shofyori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing