Farg‘onada “Karkidon” suv ombori atrofida 100 ming sayyoh uchun turizm zonasi tashkil qilinishi mumkin

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati hududidagi “Karkidon” suv ombori atrofida har yili 100 ming nafar sayyoh uchun xizmat qiladigan zamonaviy turizm zonasini tashkil qilish imkoniyati mavjudligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan videoaloqa shaklidagi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirilgan.

Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qo‘shimcha zaxiralar aniqlangan va tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq loyihalar shakllantirilgan.

“Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin”, deydi davlat rahbari.

Prezident Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tgan. Jumladan, Quva tumanida yaroqsiz holga kelib qolgan “Quva-2” nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berish va 9 milliard so‘m investitsiya evaziga zamonaviy uskunalar o‘rnatib, elektr xarajatlarini oyiga 2,5 milliard so‘mdan 360 million so‘mga, ya’ni 7 barobarga qisqartirish mumkinligi aytib o‘tilgan.

Bundan tashqari, “Karkidon” suv ombori atrofida har yili 100 ming nafar sayyoh uchun xizmat qiladigan zamonaviy turizm zonasini tashkil qilish imkoniyati mavjudligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Beshariqni Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan bog‘lovchi ko‘prikdagi ishlar yakuniga yetkazilsa, mazkur tuman qo‘shni respublikaning 500 ming aholisi uchun tranzit hududga aylanishi aytilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farg'ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing