Farg‘onada erkak xotinining rahbarini kaltakladi (video)
3-sahifa
−
11 avgust 2023
22758Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi binosiga bir necha shaxslar bostirib kirib, korxona xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 7 avgust kuni Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasining kadrlar bo‘limi boshlig‘i U.M. korxona hisobchisi N.X.ga qo‘ng‘iroq qilib, ishga kelmaganligi yuzasidan suhbatlashish jarayonida uning turmush o‘rtog‘i X.N. bilan o‘zaro janjallashib ketgan.
Shundan so‘ng, X.N. turmush o‘rtog‘i hamda 2 nafar tanishlari bilan korxonaga kelib, U.M.ni urib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, uning boshqaruvidagi avtomashina oynasini sindirib tashlagan.
Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida U.M.ning tan jarohatlari 6 kundan ko‘p ammo 21 kundan kam bo‘lgan muddatga sog‘lig‘i buzilishiga olib keluvchi yengil shikastlanish toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan X.N.ga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda bir guruh shaxslar ikki kishini kaltaklagani xaqida xabar bergan edik. Mazkur holat Denov shahri avtomobil yo‘lida fuqaro U.A. Damas mashinasi bilan harakatlanib ketayotganda, VAZ Furgon mashinasi bilan yo‘l talashishi ortidan kelib chiqqan.
LiveBarchasi