Farg‘onada dugonasini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayol qamaldi
3-sahifa
−
11 noyabr
12003Farg‘ona viloyatida dugonasiga 20 marotaba pichoq urib o‘ldirib, jinoyatni yashirish maqsadida uyni yoqib yuborgan ayol 15 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat joriy yilning 21 may kuni sodir bo‘lgan. Marhuma va sudlanuvchi avvaldan tanish bo‘lgan. Sudlanuvchi marhumaning mo‘maygina puli borligidan, qay vaqt uyini tark etishi va qay vaqt qaytishidan boxabar bo‘lgan. Sudlanuvchi o‘zi bilan pichoq va “razbavitel” suyuqligini olib kelgan. Ayol dugonasini o‘ldirgandan keyin jinoyatini yashirish maqsadida suyuqlikni uyga quygan va yoqib yuborgan. Uyni tark etayotganda marhumaning uy olish maqsadida to‘playotgan 35 mln pulini, tilla taqinchoqlarini o‘zi bilan olib ketgan.
Qotillikdan so‘ng ayol uyga qaytib, kiyimlarini almashtirgan va qotillik uchun ishlatilgan buyumlarni xonadoniga yaqin bo‘lgan soyga tashlab yuborgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi Jinoyat kodeksining 97- (qasddan odam o‘ldirish), 164- (bosqinchilik) va 173- (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan ayolni 15,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
LiveBarchasi