Farg‘onada diniy ekstremistik oqimning faol a’zosi qamaldi

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimining faol a’zosi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Oltiariq tumanida yashovchi A.A. Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan vaqtida islom diniga qiziqishi tufayli internet orqali turli ma’ruzalarni eshitgan. Xususan, u “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy terroristik tashkiloti tarafdorlarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zgartirishga xizmat qilishga qaratilgan ma’ruzalaridagi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan video va audio materiallarni eshitib, ularning ta’sirida ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.  

U Telegram messenjeri orqali oqim tarafdori M. A. bilan aloqa qilib, yozishmalar olib borgan. “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lib, ularning kitoblaridan virtual ta’lim oladi. “Hizbiy xalqa”da virtual tarzda olgan diniy saboqlari oqibatida diniy aqidaparastlikka berilib, uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan. U mazkur diniy tashkilotga sodiqlik qasamyodini qabul qilgan hamda oylik daromadidan a’zolik badali to‘lab kelgan. Shu bilan birga, u ijtimoiy tarmoqlarda diniy oqimning g‘oyalarini faol targ‘ib qilgan.

Oltiariq tumaniga qaytib kelgach, Telegram’da turli guruhlarni tashkil qilgan hamda o‘zining tanishlarining profillarini bu guruhga qo‘shgan. A. A. aqidaparastlik g‘oyalaridan saboq berib kelgan. Shuningdek, u faoliyatini davom ettirib, bir necha shaxslarni ham guruhiga jalb etgan hamda diniy oqimning materiallarini tarqatgan.  

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida A. A.ning qilmishlari fosh bo‘ldi. Uning telefonidan olingan ashyoviy dalillar diniy oqimning materiallari ekanligi tasdig‘ini topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudining hukmiga ko‘ra, u 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilgan, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan jami kishilarni qidiruvga bergandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona Oltiariq ekstremistik oqim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing