Farg‘onada davolanayotgan bemorning ahvoli og‘irlashdi – SSV
Jamiyat
−
31 mart 2020
17709O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 167 bemordan 1 nafarining ahvoli og‘ir. U ayni vaqtda Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatida koronavirus infeksiyasiga chalingan 26 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Ular orasida yaqinda Umra safaridan qaytgan, shu yilning 24 mart kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorning ahvoli yomonlashgan.
59 yoshli ushbu bemor shu vaqtgacha surunkali o‘pka va gipertoniya xastaligi bilan dispanser nazoratida turgan. Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi ikkinchi darajasi kuzatilmoqda. U ayni paytda sun’iy nafas olish apparatiga olingan.
Shifokorlar belgilangan standart va tavsiyalarga asosan zarur tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, bugun, 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov mamlakatda koronavirusga chalingan 5 bemorning ahvoli og‘ir ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 158 nafarga yetdi. Ularning 7 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi