Farg‘onada Damas urib yuborgan o‘quvchi vafot etdi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyati, Quva tumanida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan haydovchi 9 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, holat tonggi soat 7:30 atrofida tuman hududidan o‘tgan D-105 avtomobil yo‘lining 182-kilometrida, bola maktabga ketayotganida sodir bo‘lgan. 21 yoshli haydovchi o‘ziga ishonch qog‘ozi bilan biriktirilgan Damas bilan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 66-maktabning uchinchi sinf o‘quvchisini urib yuborgan.

Bola birinchi yordam ko‘rsatish uchun tuman markaziy shifoxonasiga yuborilgan. Biroq ko‘rilgan muolajalarga qaramasdan u shifoxonada vafot etgan.

“Yo‘l chekkasidan ketayotgandim. Keyin buyoqqa o‘tdim. O‘tib ketayotganimda bir mashina bu tomondan burilayotgan edi. Ana shu mashinaga qarab, "peshexodga" qaramay qoldim. Keyin bitta bola yugurib chiqib qoldi, urib yubordim”, deydi haydovchi.

Holat yuzasidan Quva tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi ikkinchi qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan. Hozirda ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Spark mashinasi haydovchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan bir fuqaroni urib yuborgandi.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Farg'ona Damas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing