Farg‘onada 4,1 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlandi
Jamiyat
−
22 may
2727Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi 4 mlrd 193 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari va ta’minot korxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida “F.P.S” MCHJga qarashli Farg‘ona tumanining Novkent shaharchasida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, shoxobchada gaz iste’molining hajmini o‘zgartirish maqsadida o‘lchov tizimidagi patrubka ichki qismiga davlat standarti talablariga zid tashqi ta’sir ko‘rsatilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 mlrd 193 mln so‘mni tashkil etgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda 3 mlrd 48 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasi aniqlangandi.
LiveBarchasi