Farg‘onada 2 ayolni Turkiyaga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
18 iyul 2508 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatida ikki nafar ayolni Turkiyaga yuborib, odam savdosiga jalb etmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati IIB hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Namangan viloyatining Pop tumanida ro‘yxatda turib, Buvayda tumanida yashagan ayol Turkiyaning Istanbul shahrida istiqomat qiluvchi va Buvayda tumanida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan tanishi bilan oldindan til biriktirgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar Uchko‘prik va Buvayda tumanlarida yashovchi ikki nafar ayolni Istanbulda yuqori daromadli ish va’da qilib aldagan hamda ularning Turkiyaga ketishi uchun elektron aviachiptalar xarid qilib bergan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida ayollarning chet elga jo‘natilishi Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni xorijda ish taklif qilayotgan shaxslarning va’dalarga ishonmaslik, chet elga faqat qonuniy tartibda ishga borish hamda shubhali takliflarga duch kelganda tegishli idoralarga murojaat qilishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatini sodir etib, 6 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan hamda odam savdosi bilan shug‘ullangan O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada qo‘lga olinib, mamlakatga qaytarilgan edi.
Live
Barchasi