Farg‘onada Haj uchun viza olib berishni va’da qilganlar qo‘lga tushdi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyatida noqonuniy Haj vizasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari Ya.M. o‘zganing ishonchiga kirib, uni va tanishini Haj ziyoratiga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi boshqa bir turistik firma xodimi A.T. esa Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaroga “Haj-2023” vizasini rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 10 ming AQSH dollaridan 4 ming dollarni oldindan olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, Buvayda tumanida kuzatilgan holatda Andijon shahridagi turistik firma vakili M.J. marg‘ilonlik fuqaroning onasiga “Haj-2023” vizasini rasmiylashtirib, ziyoratga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga talab qilingan 8500 dollardan 3 mingini oldindan olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Haj safari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-sonli qaroriga muvofiq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida fuqarolarga 20 ming AQSH dollari evaziga Haj vizasini tayyorlab bermoqchi bo‘lgan MCHJ rahbarlari ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona Haj vizasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing