Farg‘ona hokimligi ovoz G‘aniyevnikiga o‘xshatilganini iddao qilmoqda

Jamiyat

image

Kecha, 14 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevniki ekani aytilayotgan ovozli yozuv tarqalgan edi. Unda ovoz egasi Quva tumani hokimi Ravshan Qurbonovga murojaat qilib, nega ko‘chaga chiqib gaz yo‘qligini videoga olgan kishining hali ham janozasi o‘qilmaganini so‘raydi. Internetda esa bu gaplarni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev joriy yilning 2 dekabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda blogerga nisbatan aytgani aytilmoqda. 

Ushbu audioyozuv bo‘yicha kecha QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqoladan keyin Farg‘ona viloyati hokimligi Matbuot xizmati Facebook’dagi sahifasida rasmiy bayonot berdi. Unday shunday deyiladi: 

“Ozodlik” tarqatgan “Farg‘ona hokimi blogerning “janozasini o‘qish” ni buyurdi” sarlavhali maqolasi yuzasidan quyidagilarni bildiramiz.

“Ozodlik” Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan navbatdagi tuhmatini e’lon qilgan. 2 dekabrda aytilgan deb iddao qilinayotgan audio yozuvdagi ovozi o‘xshatilgan so‘zlar biron bir selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev tomonidan aytilmagan. Shuhrat G‘aniyev jurnalist yoki blogerlarga nisbatan bosim yoki tazyiq o‘tkazmagan, Quva tumani hokimiga bu haqda hech qachon tanbeh bermagan.

Audioyozuv o‘xshatma ovozning qo‘pol montajidan boshqa narsa emas.

Hurmatli internet foydalanuvchilari, hamkasb jurnalistlar, blogerlar! “Ozodlik”ning o‘yiniga uchmang, uning tuhmatlariga ishonmang. Agar “Ozodlik”da bunday haqiqiy ovoz bo‘lganida edi, u o‘zi iddao qilishicha 2 dekabrdan buyon uni ushlab turmas edi.

“Ozodlik”ning kuni endi pranker (ovoz o‘xshatuvchi)larga qolgan ko‘rinadi”.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimligi ham joriy yilning 16 noyabr kuni hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga nisbatan aytgan tazyiq ko‘rinishidagi gaplari ustidan tekshiruv boshlanganini aytib, bu ovoz Ortiqxo‘jayevniki emasligi va go‘yo uning ovozi sifatida tarqatilayotganini iddao qilgandi


Maqola muallifi

Teglar

Shuhrat G'aniev Farg'ona viloyati hokimligi

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made