Falastinliklar yonayotgan olovda AQSH ham kuyadi – Eron

Olam

image

Eron Tashqi ishlar vaziri Amir Abdullahiyon BMT Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida G‘azodagi qotilliklar davom etsa, uning alangasi boshqalarni ham kuydirishidan ogohlantirdi.

"Bugun Nyu-Yorkda, BMT minbaridan turib hozirda Falastindagi genotsidga raislik qilayotgan amerikalik davlat arboblariga ochiqchasiga aytaman, biz mintaqada urushning tarqalishini olqishlamaymiz. Lekin men ogohlantiraman: G‘azoda genotsid davom etsa, bu alangadan  hech kim omon qolmaydi” , deydi u.

Abdullahiyon Eron ham G‘arbiy Osiyo mintaqasining bir qismi ekanligini va “uning xavfsizligiga tahdid bo‘layotgani”ni eslatdi. U tinch aholini o‘ldirish va falastinliklarni majburan ko‘chirishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

Shu bilan birga, Isroil Eronning HAMAS bilan mojaroga aralashuvidan xavotirda. Isroil rasmiylari Eronga bir necha bor qizil chiziqni bosmaslik haqida "signal" yuborgan.

O‘tgan hafta Isroil Livandagi "Hizbulloh" guruhi ikkinchi front ochsa, “ilonning boshini kesib tashlash” bilan tahdid qilgan edi. Bu bilan Isroil "Hizbulloh"ni Eron qo‘llab-quvvatlayotganiga ishora qilgan.

"Eronning Isroilga hujum qilish rejasidan xabardormiz. Agar ular ("Hizbulloh" - tahr) Isroilga hujum qilish niyatida ekanini bilib qolsak, biz nafaqat "Hizbulloh"ga, balki ilonning boshi(Eron)ga ham zarba beramiz", degan Isroil Iqtisodiyot va sanoat vaziri Nir Barkat.

O‘z navbatida, Eronning Ispaniyadagi elchisi Rizo Zabib mahalliy gazetaga bergan intervyusida, agar Isroil Eronga qarshi qandaydir “jinnilik” qilsa, "mamlakat faqat tarix sarlavhalarida qolishi"ni aytgan.

Avvalroq, AQSH qurolli kuchlari Prezident Jo Baydenning buyrug‘iga binoan Suriyadagi Eronga tegishli ikkita nishonga zarba bergani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Falastin Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing