Falastinlik bolalar O‘zbekistonda bepul ta’lim oladi
Jamiyat
−
15 avgust 6264 3 daqiqa
O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik bolalar ta’limga jalb etiladi. Bu kecha, 14 avgust kuni qabul qilingan Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonida belgilangan.
Farmonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi quyidagi choralarni ko‘rishi belgilangan:
- mehmonlar yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtirish;
- mehmonlarning har bir farzandi o‘quv va tarbiya jarayoniga moslashishi uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarning direktorlari o‘rinbosarlarini biriktirish;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ta’lim tashkilotlarida mehmonlar farzandlarining moslashuvi va har tomonlama kamol topishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirish.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028 yil 1 yanvariga qadar ozod etiladi. Ularning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–12-son qarori doirasida falastinliklarning farzandlarini davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha ta’limga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy ta’lim tashkilotlariga tayyorlash yo‘nalishida) jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining 100 foizi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa ikki oy muddatda falastinliklarning xorijiy davlatda umumiy o‘rta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy ta’lim, qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olishni test sinovlarisiz va yig‘im undirmagan holda amalga oshiradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarning yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo‘yilishini ta’minlaydi va ularga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatishda kambag‘al oilalarga mansub shaxslar toifasi qatorida yo‘llanma ajratib boradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng QALAMPIR.UZ buning uchun mamlakat tibbiyot tizimi qay darajada tayyor ekaniga qiziqdi va Sog‘liqni saqlash vazirining bolalar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘langandi. U falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli ekanini aytgandi.
2024 yil 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi.
Live
Barchasi