“Falastinga o‘z yerini bering!” Erdo‘g‘an qon to‘kilishiga barham berish yo‘lini aytdi
Olam
−
13 Oktabr 2023
8229Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida G‘azodagi inqirozni hal qilishning yagona yo‘li Falastin mustaqilligini tan olish ekanini aytdi.
Turkiya rahbarining idorasi ma’lum qilishicha, Turkiya inqirozni tezroq tugatish uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda va tinchlik uchun zarur qadamlarni tashlamoqda.
“Prezident Erdo‘g‘an Falastin va Isroil mojarosini hal etishda vositachi bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Davlat rahbari muammoni hal etishning asosi - poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, 1967 yilgi chegaralardagi mustaqil va suveren Falastin davlatini yaratish bo‘yicha berilgan va’dalarni bajarishda ekanini aytib o‘tdi”, deyiladi Turkiya rahbari idorasining bayonotida.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yaqin Sharqda tinchlikka faqat Falastin mustaqilligi orqali erishish mumkinligini bir necha bor xalqaro minbarlarda ta’kidlab keladi.
Jumladan, 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlament)dagi chiqishi vaqtida Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa tashkilotlar Falastin xalqini yolg‘iz qoldirgani, va’dasining ustidan chiqmagani va falastinliklarning huquqlari himoya qilinmaganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Turkiya rahbari Avstriya kansleri Karl Nexammer bilan Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Falastin fojiasiga to‘xtalar ekan, Amerika hozirda barcha terrorchi tashkilotlarni tayyorlayotgani, o‘qitayotgani va qurollantirayotganini urg‘uladi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa 1,3 ming kishiga yetgan.