Falastinda tinchlik o‘rnatilmasa, Turkiya NATO tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamaydi – Erdo‘g‘an

Olam

image

NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Falastinda keng qamrovli va mustahkam tinchlik o‘rnatilmaguncha alyans doirasida Isroil bilan hamkorlik qilish tashabbuslarini ma’qullamaydi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO Davlat va hukumat rahbarlari sammitidan so‘ng, jurnalistlar bilan bo‘lgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Erdo‘g‘an o‘z nutqi avvalida terrorizmga qarshi kurashda ittifoqchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya NATO uchun ikki asosiy tahdiddan biri bo‘lgan terrorizmga qarshi kurashda ittifoqchilaridan birdamlik kutmoqda. U buni ittifoq to‘g‘risidagi qonun talab qilishini ham qo‘shimcha qildi.

Erdo‘g‘an Isroilning Falastin xalqiga qarshi davom etgan bosqinchilik harakatiga ham e’tibor qaratdi. Turkiya rahbari Isroil Bosh vaziri Netanyaxu ma’muriyati o‘zining ekspansionistik va o‘ylamasdan ish yuritish siyosati bilan nafaqat o‘z fuqarolari, balki butun mintaqa xavfsizligini xavf ostiga qo‘yayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Falastinda keng qamrovli va mustahkam tinchlik o‘rnatilmaguncha, Turkiya NATO doirasida Isroil bilan hamkorlik qilish tashabbuslarini ma’qullamaydi.

“Dunyo hamjamiyati falastinlik tinch aholiga qarshi hujumlarni to‘xtatish uchun oldinga chiqayotgan bir paytda Isroilga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, degan Prezident Erdo‘g‘an.

Uning fikricha, 1967 yilgi chegaralarda ikki davlat qaroriga erishish uchun xalqaro hamjamiyatning mas’ul a’zolari kuchlarini birlashtirishi muhim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti G‘azodagi vahshiylik uchun aybdorlar xuddi Bosniya va Gersegovinaning Srebrenitsa shahrida sodir etilgan genotsid singari javobgarlikka tortilishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Erdo'g'an Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made