Falastin-Isroil mojarosi: har ikki tomondan qurbonlar 6 mingdan oshdi

Olam

image

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi 7 oktyabrdan beri hudud aholisi orasida qurbonlar bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 4651 kishi, jumladan 1873 nafar bola, 1101 nafar ayol halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, G‘azoning shimoliy qismidan janubiga ko‘chib o‘tayotgan aholidan 839 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, 14 245 kishi jarohat olgan.

Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, isroillik qurbon bo‘lganlar soni 1,4 mingdan ortiqni, jarohatlanganlar esa 5,4 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Turli manbalarga ko‘ra, 150 ga yaqin isroillik HAMAS tomonidan asirda bo‘lishi mumkin. Harakatning o‘zi G‘azo sektorida 200-250 ga yaqin mahbus borligini ma’lum qilgan.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin-Isroil mojarosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing