“Ortdan zarba berish”: Falastin Bahraynning qarorini qoraladi
Olam
−
12 Sentabr 2020
6727Falastin Bahrayndagi elchisini chaqirib oldi. Bunga rasmiy Manamaning Isroil bilan munosabatlarini yaxshilashga qaror qilgani sabab bo‘ldi. “Al Jazeera” telekanalining ma’lum qilishicha, Falastin elchisi qirollik hududini tark etgan.
Kecha, 11 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Bahrayn va Isroil Amerika vositachiligida diplomatik munosabat o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Bundan bir oy oldin 13 avgust kuni Tramp Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilashga kelishib olganini ma’lum qilgandi. Kelishuvga ko‘ra, Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi yerlarni o‘zlashtirishni to‘xtatdi.
Falastin ikki arab davlati Isroil bilan munosabatlarni normallashtirayotganini jiddiy tanqid qildi. Abu-Dabidagi Falastin elchisi ham chaqirib olingandi.
"Kelishuv "Falastin ishi va xalqining ortidan pichoq urish bo‘ldi", degan Falastin ma’muriyatining Ijtimoiy masalalar bo‘yicha vaziri Ahmad Majdalani.
Arab davlatlari ligasining 9 sentyabr kuni o‘tgan vazirlar darajasidagi yig‘ilishida Falastin BAA-Isroil kelishuvini qoralovchi rezolyutsiyani ilgari surdi. Ammo bir necha soat davom etgan muhokamalardan keyin ham yagona qarorga kelishning iloji bo‘lmadi. Yakunda Misr, Iordaniya, Marokash, Sudan, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, Kuvayt va Oman rezolyutsiyaga qarshi chiqqan. Natijada rezolyutsiya qabul qilinmagan.
Ayni vaqtda Isroil Misr va Iordaniya bilan tinchlik kelishuviga erishgan. BAA va Bahrayn Isroil bilan 15 sentyabr kuni Oq uyda tinchlik kelishuvini imzolashi kutilyapti.
LiveBarchasi