Faktlar hisobga olinmayapti”. Sanjik” va advokatlar tintuvdan norozi
Tahlil
−
21:23 605 5 daqiqa
O‘nlab iltimosnomalarning sudyalar hay’ati tomonidan rad etilishi, advokatlar tomonidan sudyalar hay’atining ish olib borishi ustidan takror raddiya berilishi, O‘zbekiston sudlarining “imijidan” xavotirlanayotgan Tashanov va jarayonlardan ko‘ngli to‘lmayotgan qamoqdagi tadbirkor. Bloger va tadbirkor Sanjar Karimov ishi bo‘yicha navbatdagi sud jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
Bu safar Karimovning advokatlari tomonidan sudda jamoatchilik vakili sifatida “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati asoschisi va markaziy boshqaruvi raisi Abdurahmon Tashanov ham ishtirok etishi yuzasidan raislik qiluvchiga iltimosnoma kiritildi. Ammo, iltimosnoma sudyalar hay’ati tomonidan rad etildi. Shundan so‘ng sud jarayoni davom ettirilib, sudlanuvchining 6 nafar himoyachilari tomonidan sudga yana 10 dan ortiq iltimosnomalar kiritildi. Ammo sudyalar tomonidan berilgan javob advokatlarni unchalik qoniqtirmadi.
“Sudlov hay’ati tomonidan doimgidek yana qo‘shimcha ravishda kiritilgan o‘ndan ortiq iltimosnomalarimizni to‘liq rad etish jarayonlari kuzatildi. Bundan tashqari, sud jarayonida biz bitta asosli iltimosnoma kiritdik, ya’ni hozirgi vaqtda sud jarayonida bu narsa oydinlashdiki, o‘tkazilgan tintuv-tergov harakati davomida bir shaxs, ya’ni Sanjar Karimovning o‘sha Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 13-xonadonda tintuv o‘tkazish vaqtida xonadon egasi deb e’tirof etilgan Bostixon ismli shaxs uning Akay City’dagi turar joyi va oilasi bilan birga istiqomat qilayotgan uyida ham bir vaqtning o‘zida ikkita joyda Bostixon ismli shaxs tintuv-tergov harakatining qatnashchisi bo‘lib hisoblanyapti. Ya’ni, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tintuv-tergov harakatida xonadon egasi sifatida, Akay City’da esa ishtirokchi sifatida qayd etilyapti. Mana bu jarayonlar bevosita Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tintuv-tergov harakatida kechki soat 01:30 dan 05:00 gacha bo‘lgan bo‘lsa, bu vaqt oralig‘ida soat 03:30 larda Akay City’da ham tintuv-tergov harakatlari o‘tkazilgan.
“Endi, jamoatchilikka mana o‘zimiz ma’lum qilamiz bu narsani. Bir vaqtning o‘zida ikkita joyda bitta shaxs tintuv-tergov harakati ishtirokchisi bo‘lishi bu O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 95 prim 1-moddasi talablari va “Dalillar maqbulligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining qarori talablariga ko‘ra, nomaqbul dalil deb topilishi kerak. Ikkita tintuv protokoli ham. Lekin sud tomonidan bu to‘g‘risidagi iltimosnomamizni barvaqt berilgan deb hisoblanib, bu rad etildi. Balkim, haqiqatan ham sud kelgusida bu narsalarga to‘g‘ri baho bera olsa, demak, bizlar sudga nisbatan hech qanaqa e’tiroz bildira olmaymiz. Lekin agarda sud bu jarayonlarni yetarli darajada deb topmasdan, baho bermasdan, inobatga olmasa, demakki, bizlarda fikr shunday bo‘lishi mumkinki, sud iltimosnomalarni inobatga olmaganligi bu sudning yakuni bo‘yicha noto‘g‘ri xulosa berishiga sababchi bo‘ldi deb hisoblab, bu sudga nisbatan bizlar yuqori instansiya sudlariga shikoyat keltirishimizga asos bo‘ladi”, deya ta’kidladi Sanjar Karimovning advokatlaridan biri.
Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Tursunali Akbarov esa jamoatchilikni har xil hayollarga bormaslik va masalaga xolis yondashishga chaqirdi.
“Sudning go‘yoki xolisligiga shubha bilan qaralayotgan masalalarga kelsak. Xabaringiz bor, adashmasam, 21 avgustda sud protsessi yakunlangan edi. Taraflar muzokara qilib bo‘lgan, faqat sudlanuvchining oxirgi so‘zini aytishi qolgan edi. Oxirgi so‘zidan avval sudlanuvchi sudlov hay’atiga fleshka taqdim qildi. Shundan keyin sudlov hay’ati to bu “detal”ni tekshirib, o‘rganib, huquqiy baho berilmaguncha hukm chiqarishning imkoniyati yo‘q deb hisobladi-da, keyin sud tergovini qayta tikladi. Mana shu jarayonning o‘zi sudlarga nisbatan ehtimoliy tug‘ilayotgan qandaydir shubhalarni yo‘qqa chiqaradi. Demak, keyingi sud jarayonlarida, sud tergovi tiklangandan keyin mana shu detallar eshitildi, muhokama jarayoni davom etyapti. Yakuni bo‘yicha, albatta, sud o‘zining huquqiy bahosini beradi”, deydi Toshkent shahar sudi matbuot kotibi.
Navbatdagi sud jarayonlari ham yakunlangach, Sanjar Karimov o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Endi bilmadim. Mana, birinchi sud instansiyasi 240 ming dollarga tushganimga qaramay, 400 ming so‘mlik narsaga kelgusida o‘tkazish uchun ayblov qo‘yib, menga besh yil muddat berib yuborgan. Endi men shundoq “auditoriya” bilan, shuncha tanish-bilish orttirib, nahotki qanaqadir milligramm narsani sotishga muhtoj bo‘lsam. Uni o‘tkazishda ham o‘zining ayrim vajlari bo‘ladi, Oliy sud plenum qaroriga asosan. Vajlari nimadan iborat bo‘ladi? Bironta bir inson hech bo‘lmaganda ko‘rsatma berishi kerak, pul taqdim qilishi kerak, kimdirga tekinga, had’yaga, pulga, evaziga biror bir narsaga berishi kerak. Nimaga asoslanib, menga aynan 273-moddani qo‘yilganligiga har kuni ertalab uyg‘onib tushunmayman. Bilasizmi, juda ham og‘ir bo‘larkan, agar qilmagan narsangga ayblansang.
Men pulimdan ham voz kechib, kelgusida o‘tkazish degan gumonda qamalib qoldim. Axir JPKning 463-moddasida gumonlarga asoslanmagan holda, faktlarga asoslanib hukm chiqarilishi kerak. Menga birinchi instansiya hukmi gumonga asoslantirib chiqardi. Tushunaman agar 10 kg, 20 kg modda topilsa, “Ha, aferist, sen o‘zi shunaqa ish bilan shug‘ullanarkansan-da”, deyilsa. Men axir o‘sha milligramm narsani kimga sotaman, kimga o‘tkazaman? Men butun hayotimda to‘g‘ri inson bo‘lganman. Mana Rahmatullayevaning o‘zidan ham bildinglarki, sudning qarori chiqmasdan turib, meni ularga uyni qaytarib berish qarorim bo‘lgani haqida. Va’damning ustida turdim. Vaholanki, 240 mingga ham tushdim. 240 mingga tushgan inson 400 ming so‘mlik narsaga muhtoj bo‘lmasa kerak?
Sud barcha iltimosnomalarimizni rad qilib yubordi.
Bilasizmi, men to‘rt yil farzand kutdim. Allohdan tilab oldim farzandimni. Men juda ham xohlardimki, farzandimning “ota” degan birinchi so‘zlarini eshitishni. Axir, undan tashqari otam vafot etganiga yaqinda bir yil bo‘ladi. Suddan iltimos qilamanki, shu otam o‘tganining bir yilligini oila a’zolarim oldida osh berib, otamning bir yilligini uyda nishonlashimga, imkon bersa”, deydi Sanjar Karimov.
Shunday qilib Sanjar Karimov ishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayonlariga 25 sentyabrga qadar tanaffus e’lon qilindi.
Umid Sulaymonov
Live
Barchasi