Karimov va Nazarboyev to‘qnashuvi. Karimovlar oilasidagi insidentlar. Sobiq AQSH elchisi nimalarni oshkor qildi?
Tahlil
−
26 iyun
30239Jorj Krol AQSH Tashqi ishlar xizmatining nafaqadagi mulozimi bo‘lib, o‘zining 36 yillik faoliyatining katta qismini Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqan mamlakatlarda, jumladan Belarus, O‘zbekiston va Qozog‘istonda AQSH elchisi hamda Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari lavozimlarida o‘tkazgan. U 2011-2014 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi, 2015-2018 yillarda esa Qozog‘istondagi elchisi lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston va Qozog‘istondagi sobiq AQSH elchisi Jorj Krol Markaziy Osiyoning ushbu ikki davlatida olib borgan diplomatik missiyasi davomida Karimov va Nazarboyev o‘rtasida mintaqada avj olgan yashirin keskinlik, tashqi dunyo O‘zbekistonni Qozog‘iston bilan almashtirgani va Karimov oilasi ichidagi muammolar va sirlar haqida o‘z memuarida ayrim haqiqatlarni oshkor qildi. Bugun siz bilan sobiq elchining shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarga asoslangan memuari haqida gaplashamiz.
Karimov va Nazarboyev nimani bo‘lisha olmagan?
Sovet Ittifoqi parchalangach ikki mamlakat G‘arbga yaqinlashish va u bilan hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidan bordi. Bu borada Karimov o‘zining qozoq mavqedoshidan ancha ilgarilab ketgan. G‘arbiy dunyo yetakchisi va dunyo tartibi ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan AQSH bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish Karimov siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan. Bu jarayon 2004 yilgacha davom etgan. Ammo Andijon voqealariga nisbatan Qo‘shma Shtatlarning keskin e’tirozlari Karimovning hafsalasini pir qilgan va bu voqea okean ortidagi hamkorlari bilan uning o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishida debocha vazifasini o‘tagan. AQSH va O‘zbekiston, xususan, Karimovning 2000 yillar boshigacha o‘ta iliq munosabatda bo‘lganini, uning terrorizmga qarshi xizmatlari uchun 2002 yilda Amerika tomonidan “xalqaro yetakchi” unvoni bilan taqdirlanganini yaqqol namoyon qiladi. Biroq Andijondagi voqealar fonida nafaqat AQSH, balki butun G‘arb jamiyati Karimovni izolyatsiya qilishi Nazarboyevning “otni qamchilashi” uchun ayni muddao bo‘ladi.
AQSHning dastlab O‘zbekistonda keyinchalik Qozog‘istondagi elchisi lavozimida ishlagan Jorj Krol Markaziy Osiyoning ikki yalovbardori Qozog‘iston va O‘zbekistonning sobiq rahbarlari o‘rtasidagi keskinlik haqida o‘z xotiralarida bayon qiladi. U bu boradagi kelishmovchiliklarni ayrim uchrashuvlar va ularda yangragan “qochirimlar” orqali tasvirlashga harakat qiladi. Shulardan biri, AQSH Davlat kotibi bilan Karimov o‘rtasidagi uchrashuv suhbatidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
“Davlat kotibi Klinton bilan esda qolarli bir uchrashuvda u Karimovdan Markaziy Osiyo mintaqasi yetakchisi bo‘lish uchun o‘z ta’siridan foydalanishni o‘ylab ko‘rishni so‘raganini eslayman. Karimov odatiga ko‘ra billur stakanda bir dasta qalam o‘ynatib, tabassum qildi va Davlat kotibiga shunday taklif bilan xushomad qilgani uchun minnatdorlik bildirdi va kotibga qarab, so‘ng menga yonboshlab, chinakam Karimovcha uslubda o‘z maslahatini berdi: “Agar kimdir Markaziy Osiyoga rahbar bo‘lishini istasangiz, buni do‘stingiz Nazarboyevdan so‘rang. U o‘zgalar uni lider deb atashini juda YAXSHI KO‘RADI”, deya Karimovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi sobiq elchi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, Karimov Nazarboyevdan doim nafratlanib kelgan. O‘rtadagi dushmanlikning asosiy sababi esa “yashirin raqobat” bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi qozog‘istonlik mavqedoshining mamlakatdagi tabiiy boyliklarni dunyo e’tiborini tortish va yuzaki joziba yaratish yo‘lida ko‘kka sovurayotganini doimiy tanqid ostiga olib kelgan. Shuningdek, Jorj Krol Karimov Nazarboyevdan aqlliroq va undan ancha zukko ekanligini ich-ichidan his qilganini yozadi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, dunyo uni Nazarboyev bilan “almashtirgani” Karimov uchun hazm qilib bo‘lmas voqelik edi.
Sobiq elchining yozishicha, o‘z o‘rnida Nazarboyev ham Karimovni jiddiy tarzda tanqid qilgan. “Xususan, u o‘zining nazdida Islom Karimovdan ko‘p masalalarda bir pog‘ona ustunligini da’vo qilardi. Nazarboyev o‘zining Gorbachyov kabi sovet siyosiy arboblariga yaqin ekanini da’vo qilgan, ammo uning nazdida Karimov unday emasdi. U chet el rahbarlari bilan qanday muomala qilishni bilardi, Karimov esa yo‘q. U o‘zini odamlar orasida o‘zini qulay his qiladi, xalq bilan qo‘l berib ko‘rishadi va hazillashar edi, Karimov esa aksi”, deb hisoblardi Nazarboyev.
Qisqa qilib aytganda, sirtdan unchalik bilinmagan bo‘lsa-da, Nazarboyev va Karimov bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan sobiq elchi Krol, bu ikki fenomen o‘rtasidagi juda sovuq munosabatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va bu kichik to‘qnashuvlar va qochirimlarni o‘z xotiralarida tasvirlab berishga harakat qilgan.
Gulnoraga otilgan shippak va uni majburlab turmushga berish mashmashasi
2011-2014 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lgan Jorj Krol o‘z memuarida nafaqat diplomatik missiyasi davomida duch kelgan muammo va jarayonlar, balki O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning oilasi ichidagi jiddiy insidentlarga ham guvoh bo‘lgani haqida yozdi.
“Diplomatik missiyam yakunida men Karimovning oilasidagi g‘alati muammoga aralashib qoldim. Yangi yil kechasi kechki payt elchixonada ishlayotgan edim. Elchixona darvozasi oldidagi qorovul menga qo‘ng‘iroq qilib, bir mehmon zudlik bilan meni – Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘z bolalari bilan ko‘rmoqchi ekanligini aytdi. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi. Men ularni elchixonaning qabulxonalaridan birida yakka tartibda qabul qildim. Gulnora Versace va Gucci kostyumlarini kiyib, hayoti va muammolari haqida uzoq hikoya qila boshladi. Men sabr bilan tingladim, bolalariga suv olib keldim va elchixonamizdan boshpana so‘ramoqchi bo‘lishidan qo‘rqib, mendan nima istashini so‘radim. O‘zbekiston Prezidentining qizi o‘z oilasi tomonidan ta’qib qilinayotgani haqida gapirayotgan edi”, deb yozadi sobiq elchi.
Jorj Krol ikki soatlik mashaqqatli monologining oxirida Gulnora Karimova har tomonlama otasining o‘zi ekaniga ishonch hosil qilganini yozadi. Elchiga ko‘ra, Gulnora Karimova undan otasi bilan uchrashishida yordam so‘raydi.
“Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi [Tatyana Karimova], singlisi [Lola Tillyayeva] va Karimovning mulozimlari Gulnoraga otasini ko‘rishga ruxsat bermagan. Soat yarim tunga yaqinlashib, Yangi yil tongi otganda, o‘zimni juda yengil his qildim. Men Gulnora va uning bolalarini elchixona yonida kutib turgan avtomobilga kuzatib qo‘ydim va uning otasi bilan qo‘limdan kelganini qilishga va’da berdim. Ertasi kuni Yangi yil arafasida Karimov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim. Oradan ko‘p o‘tmay, Gulnora menga quvonchli xabar yo‘llab, uchrashuv tayinlanganini aytdi. Ammo, keyinroq undan eshitdimki, uchrashuv muvaffaqiyatsiz bo‘lib, otasi unga shippak uloqtirishi bilan tugagan va bu voqeadan so‘ng men Gulnorani boshqa ko‘rmadim”, deydi Jorj Krol.
Uning ta’kidlashicha, Gulnora kamchiliklardan holi emas va u suhbat davomida aktrisalar kabi obrazga kirishganini yaxshi eslaydi. Memuarda qayd etilishicha, Gulnora Karimova Prezidentning qizi bo‘lish qanchalik dahshatli ekani va u o‘sha paytda o‘z irodasiga qarshi turmushga chiqishga majburlangani haqida AQSH elchisiga noligan. Krol Gulnora turmush qurishga va uyda farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishga majburlangani to‘g‘risidagi gaplardan so‘ng uning ahvoliga biroz achingan. Bundan tashqari, Gulnora Jorj Krol bilan uchrashuvda otasining biznes hamda siyosatdan uzoqlashib, diplomat bo‘lish haqidagi taklifini rad etganidan juda afsusda ekanini ham tan olgan.
Ma’lumot uchun, 2013 yilning noyabr oyiga kelib, Gulnora Karimovaning qariyb 10 yil davom etgan xayriya va biznes faoliyatlariga nuqta qo‘yildi. Uning rahnamoligidagi tashkilotlar, xususan Fond Forum faoliyati tugatildi. Telekanallar, radiolar efiri uzildi, qama-qamalar avjiga chiqdi. O‘sha kezlarda Gulnora Karimova Twitter'dan qator bayonotlar berdi. Bu ishlar boshida onasi Tatyana Karimova va singlisi Lola Karimova turganini aytdi. U o‘z otasi bilan uchrasha olmayotganidan yozg‘irgandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tanlov
AQSH hukumati o‘sha paytlar o‘z mamlakatini dunyodan ajratib qo‘ygan jahldor Karimov bilan juda yomon munosabatda bo‘lgan. U Vashingtonni mamlakatlarning ichki ishiga aralashishga intiladigan o‘zgarmas va noshukur sobiq hamkor sifatida bilgan.
Aksincha, Qo‘shma Shtatlar Qozog‘istonga Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy strategik hamkor sifatida qaragan. Ular amerikalik mehmonlarni o‘ziga maftun etgan va hukumati Qozog‘istonni taraqqiyotga yetaklayotgan, xorijiy biznesga do‘st davlat sifatida ko‘rsatish uchun astoydil harakat qilgan Nazarboyevga katta hurmat bilan qaragan. Nazarboyev, shuningdek, Qozog‘istonning ishonchli mintaqaviy kuch va jahon sahnasida jiddiy o‘yinchi sifatidagi imijini ilgari surgan.
“Prezidentlar o‘rtasida raqobat bor edi, hech bo‘lmaganda Karimov uchun qozog‘istonlik hamkasbiga nisbatan dushmanlik mavjud bo‘lib, Karimov uni maqomga intilayotgan va yirik davlatlarning iltifotini va olqishini sotib olish uchun o‘z mamlakatining noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan neft boyliklaridan foydalangan rahbar sifatida ko‘rdi. Shubhasiz, bu ikki yetakchi bilan AQSH elchisi sifatida ishlash qiyin bo‘lgan”, deydi Krol.
O‘zbekiston sarguzashtlari
Jorj Krol dastlab O‘zbekistonga elchi etib tayinlangan. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning AQSHdagi sobiq elchisi va o‘sha paytdagi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Karimovga u haqida ijobiy baho bergani uchun Karimov rozi bo‘lgan. Kelganidan bir necha kun o‘tgach, u ishonchnomalarni topshiradi. Moviy osmon va jazirama quyosh ostida o‘zining birinchi nutqini o‘zbek tilida qiladi va bu o‘zbeklarga juda yoqadi va hatto davlat televideniyesi orqali ham ko‘rsatiladi.
U bu voqealar va undan keyingi jarayonlarni shunday eslaydi:
“Karimovga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi elchi sifatidagi safarimning keyingi taqdirini belgilab berdi. O‘sha kuni bu marosimni bir necha oy kutgan yana bir qancha yangi elchilar ishonch yorliqlarini topshirgan bo‘lsalar-da, Karimov meni oxirigacha olib qoldi. Bu yaxshimi, yomonmi yoki faqat protokol masalasimi, bilmadim. O‘zbekiston prezidentining rasmiy qarorgohi – Oq saroyning bezakli qabulxonasida unga ishonch yorliqlarini topshirganim o‘sha qisqa marosimda Karimov juda yoqimli ko‘rindi.
Shundan so‘ng Karimov yonidagi mehmonxonaga ergashishimni ishora qildi, u yerda menga stul taklif qildi va biz o‘tirdik. U gaplashmoqchi edi. Suhbat uzoq va jiddiy tarzda rus tilida kechdi. U AQSH prezidentlari, davlat kotiblari, avvalgi elchilar, senatorlar va boshqa amerikalik taniqli shaxslar bilan murakkab munosabatlari tarixini batafsil tasvirlab berdi. Choy quyilgan bo‘lsa-da, biz unga ham, ko‘z oldimizdagi nafis o‘yilgan qahva stolini bezatgan ko‘p sonli likopchalardagi quritilgan mevalar, yong‘oqlar va pishiriqlarga qo‘l tekkizmadik.
Taxminan bir soatdan keyin Karimov to‘xtab qoldi. Endi mening navbatim kelgandi. Uning monologi davomida aytganlarini eslashga urinar ekanman, shu munosabat bilan o‘rgangan o‘zbek tilidagi qisqa nutqimni ham xayolimda takrorlab turdim. Endi menda imkoniyat bor edi. Men o‘zbek tilidagi o‘qituvchilarim davlat rahbariga murojaat qilishning eng to‘g‘ri va nafis yo‘lidan boshladim. Ingliz tilidagi tarjimasi shunday edi: “Janobi oliylari”. Shu iborani aytishim bilan Karimov birdan qo‘lini siltab, meni to‘xtatdi. Menga diqqat bilan qarab: “O‘zbekchangiz juda zo‘r, lekin menga boshqa bunday murojaat qilmang. Tojik (Prezident) Rahmonga o‘xshaganlar uchun bu turdagi chiroyli salomlashishni saqlab qo‘ying. U bunday gulli jozibani yaxshi ko‘radi. Men kamtar odamman. Menga janob Prezident deb murojaat qilishingizning o‘zi yetarli”.
Karimov suhbatga yakun yasaydi va o‘rnidan turib Jorjni kuzatib qo‘yadi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu kamdan-kam odamga ko‘rsatiladigan hurmat edi. O‘rtadagi suhbatdan xulosa qilar ekan, Jorj Krol Karimov bilan til topishishni uddalaganini payqaydi. Endilikdagi vazifasi esa bu odamni AQSH hukumati xohlagan narsani qilishga undash edi. Ammo bu davlat rahbari mamlakatni yakkaxon va temir musht bilan boshqaradigan avtokrat bo‘lsa, juda qiyin kechishi oydek ravshan edi.
Biroq Krol ikki o‘t orasida qolgandi. U buni shunday eslaydi:
“Huquq himoyachilari men AQSH elchisi sifatida Karimovni O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli yomonligi uchun shaxsiy va oshkora qoralashimni xohlashardi. Lekin rostini aytsam, bu yondashuv hech qanday natija bermasligini bilardim. Har holda, bunday xatti-harakatlar inson huquqlari hamjamiyatini quvontirsa ham, elchining diplomat sifatidagi samaradorligiga putur yetkazayotganiga, uni qabul qilayotgan davlat rahbariyati, hukumati va hatto jamiyati bilan aloqa qilishdan mahrum qilganiga guvoh bo‘ldim. Men Karimovni o‘z qarashlari va boshqaruv uslubini o‘zgartirishga ko‘ndirishdan unchalik umidim yo‘q edi, lekin unga hurmat ko‘rsatib, uni ma’lum darajada tushunish va hazil qilib, qattiqqo‘lligini yumshata oldim. Bu yondashuv menga va Karimovning ba’zi jasur vazirlariga ba’zi tugunlarni, jumladan, inson huquqlari bilan bog‘liq muammolarni bosqichma-bosqich hal qilish uchun yetarli darajada yordam berdi. Chunki boshliq meni hurmat qilgan. Men buni nafosat san’ati, ya’ni diplomatiya, o‘z kasbim deb atagan bo‘lardim”.
Elchi O‘zbekiston bo‘ylab tinimsiz sayohatlar uyushtiradi. Biroq bu haqda Karimovni doimiy tarzda xabardor qilib boradi. Sayohatlar chog‘ida u asabiy mahalliy amaldorlar bilan majburiy rasmiy uchrashuvlar o‘tkazgani, lekin u uchun eng foydali narsa shunchaki aylanish, bozorlarni ziyorat qilish, do‘konlarga kirish, odamlarni tinglash va ular bilan suhbatlashish bo‘lganini eslaydi.
Elchi sayohatlarda deyarli to‘siqlarga uchramaydi. U buni Karimov bilan o‘rnatilgan yaxshi munosabatlar bilan bog‘laydi.
“Yaxshiyamki, mening Karimov bilan “do‘stona” munosabatim mening o‘tmishdoshlarim mamlakat bo‘ylab sayohat qilishda duch kelgan eng bema’ni cheklovlarga chek qo‘ydi. Tashrif uchun hukumat tomonidan ishlab chiqilgan jadval, odatda hukumat ko‘rishni xohlagan odamlardan boshqa hech kim bilan uchrashmaslikni anglatadi. Aksincha, men xohlagan odam bilan gaplashishim va xohlagan joyga borishim mumkinligini angladim. Agar mahalliy protokol xodimi e’tiroz bildirsa, men doim prezidentning shaxsiy ko‘rsatmalarini bajarayotganimni, jumladan, unga o‘z taassurotlarim va murojaatim haqida xabar berayotganimni aytardim. Bu uni o‘z yo‘limdan olib tashlash uchun yetarli edi. Chunki amaldor Toshkent bilan muammoga duch kelgandan ko‘ra chekinishni afzal ko‘radi. Har yil oxirida esa men Karimovga yillik hisobot yuborardim. Diplomatik tarzda tuzilgan maktubda O‘zbekistonning yaxshi va yomon jihatlarini tasvirlab berardim”, deydi Krol.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Karimov elchining bu xatlarini qadrlagan. Aynan shu ma’lumotlar almashinuvi AQSH elchisi va Prezident Karimov o‘rtasidagi aloqalarni jipslashtirgan. Bundan tashqari, elchi uning har bir qadami kuzatuv ostida ekanligi va hatto telefoni ham nazorat qilinishini sezgan. Ammo u bu boradagi to‘siqlarni, aksincha, o‘z foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘lgan.
“Karimov qayerdaligim va nima qilayotganimdan xabardor edi. Albatta, men buni bilardim. Faoliyatim davomida tor sharoitda yashab, ishlaganim sababli, kimdir mening telefonimni kuzatish va tinglashdek dahshatli tuyg‘ularni yengdim. Biroq shu onda kuzatuvdan o‘z manfaatim uchun foydalanishim mumkinligini angladim. Bu esa menga Karimovning e’tiborini o‘zbek mahbuslarining yomon ahvoliga qaratish imkonini berdi.
Karimov va Jorj Krol o‘rtasidagi munosabat borgan sari iliqlashib borar, ular hatto tez-tez kechki uchrashuvlar tashkil qilishga odatlangandi. Suhbat dunyoning salbiy tomonga o‘zgarayotgani, Karimovning g‘arblik rahbarlardan noroziligi va shunga o‘xshash siyosiy jarayonlar atrofida kechardi. Sobiq AQSH elchisining so‘zlariga ko‘ra, Karimov bu uchrashuvlardan AQSH oldidagi o‘z imijini o‘zgartirish maqsadida foydalanmoqchi bo‘lgan. Krol ham bu jarayonda qo‘l qovushtirib o‘tirmagan. U ham o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ushbu kechki suhbatlar juda qulay payt ekanini yaxshi anglagan. Biroq Karimovning fe’l-atvori elchining rejalarini puchga chiqargan. Xususan, suhbatlarning birida Krol Karimovga o‘z qarashlarini biroz bo‘lsa-da o‘zgartirish lozimligini o‘ta nozik diplomatik usulda yetkazadi. Karimov esa bunga javoban chuqur xo‘rsingancha “Janob elchi, men uzoq vaqtdan beri siyosat bilan shug‘ullanaman. Siyosatda o‘tgan yillarim davomida qimmatli bir saboq oldim: oq qo‘lqop bilan siyosat yuritib bo‘lmaydi, siyosat har doim iflos biznes bo‘lgan, u shunday va shunday bo‘lib qoladi”, deya javob qaytaradi.
Bu gaplarni eshitgan Krol o‘zi xizmat qilgan mamlakatlar va Qo‘shma Shtatlardagi siyosat bo‘yicha o‘z kuzatuvlariga asoslanib, Karimovning haq ekanini tan olishga majbur bo‘ladi. U siyosat o‘rmon ekani va bu o‘rmonda odatda faqat eng kuchlilar yoki eng ayyor va shafqatsizlar omon qolishini yaxshi bilardi.
“Men bilgan Karimov, Gulnoraning og‘ir ahvolidan kelib chiqqan holda, hatto o‘z oilasiga nisbatan ham iliq odam emas edi. Karimovning hayoti haqidagi hikoyalari, mening nazdimda uni oilada mehr-muhabbatsiz o‘sgani, yoshligida murosasiz dunyoga tushib qolgan va ehtimol zo‘ravonlik, irqchilik va ko‘plab kamsitishlarga duchor bo‘lgan odamdek taassurot qoldirdi.
Karimov O‘zbekistonni boshqarishda o‘ta jiddiy bo‘lib tuyuldi. U o‘z xalqini boshqa davlatlar hurmat qilishini istagan va o‘zbek milliy o‘ziga xosligini shakllantirishga o‘zini bag‘ishladi. Uning o‘z saroylari bor edi, lekin u qizlari kabi ochiqchasiga dabdabali emas edi. U idealist emas, balki o‘zini mutlaq realist deb hisoblagan”, deya xotirlaydi sobiq elchi.
Vaqt o‘tib Jorj Krolning mamlakatimizdagi sarguzashtlari o‘z nihoyasiga yetadi. U endi o‘sh ishini qo‘shni Qozog‘istonda davom ettirishi va Nazarboyev bilan yuzlashishi lozim edi.
“Oq uy Qozog‘istondagi elchi lavozimiga nomzodim ko‘rsatilganini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, oxirgi oqshom Oq saroyga chaqiruv qog‘ozini oldim. Karimov Tashqi ishlar vaziri Komilov hamrohligida edi. U nega O‘zbekistonni tark etmoqchi ekanligimni so‘rashdan boshladi. Vashingtonga shikoyat qilishini va hatto menga chiqish vizasi berishdan bosh tortishni ham o‘ylab ko‘rishini aytdi. Men esa Karimovga diplomat sifatida davlat rahbarim qayerga elchi etib tayinlasa o‘sha yerda hozir bo‘lishim kerakligini aytdim. Shunda Karimov jilmayib qo‘ydi va Nursulton Nazarboyevga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi haqida maslahat bera boshladi. Bu mening O‘zbekistonning birinchi prezidenti bilan so‘nggi uchrashuvim va undan chiqargan so‘nggi sabog‘im edi”.
Qozog‘iston sarguzashtlari
Krol O‘zbekistondagi ishlarini yakunlab, keyingi manzil – Qozog‘istonga yo‘l oladi. Endi uni qozoq siyosatchilari bilan navbatdagi 3 yillik sarguzashtlar kutardi. 2015 yil boshidan o‘z diplomatik missiyasini boshlagan Krol qozoq elitasini va undagi muhitni shunday eslaydi;
“Nazarboyev va uning hukumati Karimovdan butunlay boshqacha o‘yin o‘ynashdi. Ular doimo menga o‘zlarining ilg‘orligi va dunyo miqyosidagi nufuzli davlatlar klubining to‘laqonli a’zosi va ishonchli hamkor sifatida munosabatda bo‘lishiga intilishlarini singdirishga harakat qildi. Qozoqlarning boyliklari bor edi va u o‘zlarining yuksak maqsadlariga erishish uchun bu boyliklarni behuda sarfladilar. Lekin bularning barchasi yuqori maoshli lobbichilarga emas edi. Ular ishonchli hamkorlar sifatida taassurot qoldirish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishdi.
Nazarboyevning o‘zi Karimovdan butunlay boshqacha shaxs edi. Garchi ikkalasi ham hokimiyat jilovini mahkam ushlab turgan va demokratik boshqaruv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha og‘zaki majburiyatlariga qaramay, hokimiyatni hech qachon bo‘lishishmagan yoki boshqa liderlarning paydo bo‘lishiga imkon bermagan.
Nazarboyev tabiiy va tajribali maftunkor shaxs edi, ayniqsa, chet elliklar bilan. U hazil aytishni yaxshi ko‘rardi va dunyo yetakchilari bilan shaxsiy munosabatlaridan zavqlanardi. Uning bu iste’dodi raqibi Karimov tomonidan katta nafrat bilan qabul qilinardi. Nazarboyev Qozog‘iston mustaqillikka erishganidan beri har bir Amerika prezidenti bilan uchrashganidan faxrlanardi. Uning elchilari tinmay o‘z xo‘jayini uchun bu uchrashuvlarni qidirib, ko‘pincha prezident bilan kerakli uchrashuvni olish evaziga ichki siyosatda kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirishga va’da berishardi”. Deya xotirlaydi elchi.
Bir makon, ikki qutb
Qo‘shma Shtatlar har bir rahbarga turlicha munosabatda bo‘ldi. Asosan har biri Amerikaning mintaqadagi va dunyodagi kun tartibini so‘z va amalda qanchalik qo‘llab-quvvatlaganiga qarab ajratildi. Markaziy Osiyoning amalda siyosiy, iqtisodiy va ta’lim markazi bo‘lgan O‘zbekiston, tabiiyki, postsovet davrida AQSHning sevimli davlatiga aylangandi. Ammo Karimov Vashingtonning qarashlari va qadriyatlariga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lib, O‘zbekiston xavfsizligi, siyosiy va iqtisodiy manfaatlari uchun o‘z xohish-istaklarini birinchi o‘ringa qo‘ygani sababli tez orada munosabatlar keskinlashdi. U Afg‘onistonda jang qilayotgan Amerika qo‘shinlari uchun baza ajratishga rozi bo‘lgan va ularni yetkazib berish uchun O‘zbekiston orqali tranzit yo‘liga ruxsat bergan, biroq mustaqillikdan keyin O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida tomchilab yig‘ilgan yaxshi aloqalar Andijon voqealari sabab chelaklab ag‘darib tashlanadi.
Shundan so‘ng tez orada Qozog‘istonning ulkan neft va tabiiy boyliklari Nazarboyevning jozibali shaxsiyati bilan birlashgan holda Qozog‘istonni Amerikaning Markaziy Osiyodagi birinchi raqamli hamkoriga aylantirdi. Bu Nazarboyevning inson huquqlari, siyosiy plyuralizm, qonun ustuvorligining shaffof qo‘llanilishi haqidagi og‘zaki va’dalarini bajarishni istamasligiga qaramay sodir bo‘ldi.
Jorj Krol buni shunday xotirlaydi:
“Nazarboyev mohirlik bilan AQSHga o‘zi xohlagan narsaning katta qismini, xususan, o‘zining ulkan neft boyliklaridan foydalanish imkoniyatini berdi. Lekin har doim uning hukmronligiga tahdid soladigan Rossiya va Xitoy kabi yirik qo‘shnilari bilan munosabatlarni buzishi mumkin bo‘lgan har qanday ishni qilishdan o‘zini tiya oldi. Uning hukumati Vashingtondagi lobbichilarga va o‘z rejimi uchun yaxshi imij yaratish loyihalariga millionlab mablag‘ sarfladi”, deydi elchi.
Shunday qilib, o‘z vaqtida O‘zbekiston va Qozog‘istonda navbatma-navbat AQSH elchisi bo‘lib xizmat qilgan Jorj Krol, bu ikki davlat va uning sobiq rahbarlari haqidagi esdaliklariga quyidagicha yakun yasaydi;
“Ikkala prezident ham avtokratlar edi. Ularning hech biri sovet tajribasi va tarbiyasi bilan singdirilgan siyosiy odatlardan qutula olmadi. Oxir-oqibat, ularning hech biri davlatni o‘zidan ajrata olmadi. Ularning hech biri tepada hukmronlik qilishdan boshqa nima qilishlari mumkinligini bilmas edi. O‘zlari hukmronlik qilgan jamiyatlardan ajralib, ular o‘zlari yaratgan dunyoda, shubha va xiyonat bilan o‘ralgan holda yashadilar. Taqdir Karimov va Nazarboyevni sho‘ro yoshlik yillarida tasavvur ham qila olmaydigan rollarga itarib yubordi. Ular o‘zlari uchun erishgan yuksak maqomga qaramay, hamon boshqalar kabi o‘z xohish-istaklari, ehtiyojlari va ishonchsizligi bo‘lgan odamlar edi. Diplomat sifatida men buni doim eslab qolishim va hamkasblarim hamda rahbarlarimga ta’kidlashim kerakki, bu rahbarlar ommaviy axborot vositalari tomonidan yaratilgan bir xildagi stereotiplar emas, balki insonning barcha kamchiliklari, fobiyalari va fazilatlariga ega bo‘lgan murakkab insonlar bo‘lgan. Ajablanarlisi shundaki, men bu ikki prezidentni yangi tashkil etilgan mamlakatlarini individual o‘ziga xosliklarga ega, hayotiy, mustaqil davlatlarga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun hurmat qildim. Biroq, shunga qaramay, ushbu ikki prezidentning o‘ta shaxsiy qarorlari oqibatlari bilan yashayotgan mamlakatlariga achindim”.
LiveBarchasi