Tramp imperiyaga ishora qildi. Kelgusi 4 yillikda dunyoni nimalar kutmoqda?
Tahlil
−
21 yanvar
3337Donald Tramp AQSH Prezidenti sifatida o‘zining ikkinchi mandatini amalga oshirishga rasman kirishdi. Oligarxiya va texnogigantlar qalashib ketgan inauguratsiya marosimida Tramp amerikaliklar qarshisida prezidentlik qasamyodini qabul qildi. U o‘z nutqida keyingi 4 yillik rejalariga qisqacha to‘xtalib, 6 noyabrdan to shu kungacha AQSHning saylangan prezidenti maqomi ostida qilgan bir qator da’volarini marosim davomida tasdiqladi. Uning ta’biricha, Qo‘shma Shtatlar o‘z tarixidagi eng buyuk 4 yil qarshisida turibdi va bu buyuklik AQSHning kengayishi, Panama kanalini mamlakat yurisdiksiyasiga qaytarish, Meksika ko‘rfazi nomini Amerikaga o‘zgartirish, dunyoda tinchlikni ta’minlash, eng qudratli armiya yaratish (garchi hozir ham shunday armiyaga egalik qilsa ham), noan’anaviy oriyentatsiyalarga qarshi o‘ziga xos urush ochish va bu orqali g‘ayriinsoniy “qadriyatlar”ga chek qo‘yish kabi maqsadlar fonida kechadi. Noqonuniy migratsiyani butunlay cheklash va o‘tmishda misli ko‘rilmagan ommaviy deportatsiya masalasi esa alohida mavzu. Shunday qilib, Tramp insoniyat oldida turgan 48 oylik kun tartibiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazish imkoniyatini beruvchi kabinetga kirdi. Quyida esa uning rejalari, bu rejalar yaqin kelajakda xalqaro tartibda qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi hamda boshqa kutilmalarga atroflicha to‘xtalamiz.
Tramp “yoqa ushlashga” sabab bo‘luvchi qarorlar chiqarishda davom etadimi?
Yer sayyorasi iqlim o‘zgarishi va atmosferadagi buzilishlar tufayli o‘ta jiddiy tabiiy muammolarga duch kelayotgan bir paytda 2019 yil, o‘sha paytda AQSH Prezidenti sifatida o‘zining birinchi muddatini bajarayotgan Tramp mamlakatni shu muammolarga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan Parij kelishuvidan chiqishini ma’lum qildi. Bunday hayratlanarli qaror hali sovib ulgurmasidan roppa-rosa ikki oy ichida u Yaqin Sharqni karaxt qilgan qadamni tashlagandi. Bir necha o‘n yillar davomida mintaqada mislsiz kuch-qudratga erishgan, birgina yuqori darajali harbiy sifatida Yaman, Livan, Suriya va Falastinda Eronning ta’sir doiralarini tubdan kengaytirib tashlagan Yaqin asr boshidagi defakto eng qudratli shaxsi hisoblangan Qosim Sulaymoniy Trampning birgina buyrug‘i bilan yo‘q qilindi. O‘sha yilning noyabrida esa Eron bombasining otasi Muhsin Faxrizoda ham o‘ldirildi. Bu 2016-2021 yillar oralig‘ida Tramp tomonidan qilingan shov-shuvli harakatlar jamlanmasining eng mashhurlari sanaladi. Aslida shu voqeliklarning o‘zi ham dunyo siyosati kelgusi 4 yil mobaynida anchagina qaynashidan dalolat beradi.
Inauguratsiya marosimidagi kechagi nutq esa taxmin va tahlillarga o‘rin qoldirmagandek go‘yo. Negaki u minbardan turib, yana Parij kelishuvidan chiqishga va tabiiy boyliklar qazib olishni keskin oshirish orqali Qo‘shma Shtatlarni yanada boy qilish haqida so‘z ochdi.
“Biz narxlarni pasaytiramiz, strategik zaxiralarimizni yana to‘ldiramiz, Amerika energiyasini butun dunyoga eksport qilamiz. Biz yana boy xalq bo‘lamiz, oyog‘imiz ostidagi o‘sha suyuq oltin bunga yordam beradi. Biz “Yashil yangi kelishuv”ni tugatamiz va elektr transport vositalariga mandatni bekor qilamiz, avtomobil sanoatini saqlab qolamiz va buyuk amerikalik avtoulovchilarimizga bergan muqaddas qasamimizni bajaramiz”, dedi Tramp.
Bu ham yetmagandek, Tramp Panama kanaliga nisbatan da’vosi jiddiy ekanini yana bir bor ta’kidladi. Bular hozirgacha AQSH prezidentligi postini egallaganiga endi bir kun to‘lgan Nyu-Yorklik biznesmen tomonidan aytilgan gaplar.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari Panama kanali qurilishida har qachongidan ham ko‘proq pul sarfladi va 38 000 kishining hayotini yo‘qotdi. Hech qachon qilinmasligi kerak bo‘lgan bu ahmoqona sovg‘a bizga juda qimmatga tushdi va Panamaning bizga bergan va’dasi buzildi. Bitimimizning maqsadi va shartnomamiz ruhi butunlay buzildi”, dedi Tramp.
Uning Panama kanaliga ega chiqish va bu yo‘lda lozim topsa, harbiy kuch vositasidan ham foydalanish kabi kechagi quruq dag‘dag‘alari bugun borgan sari jiddiy tus olmoqda. Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham, ayni damgacha bayon etilgan tahlillarga ko‘ra, AQSHning kelgusidagi shu kabi ehtimoliy harbiy intervensiyasiga nisbatan Lotin Amerikasi davlatlarining g‘azabi qo‘zg‘ashi mumkinligi inobatga olinsa, bu Tramp boshchiligidagi AQSHning yangi “oligarxiya hukumati” va Janubiy Amerika davlatlari o‘rtasida o‘ta jiddiy keskinlashuvga olib kelishini taxmin qilish qiyin emas. Bu holatda Lotin Amerikasining o‘zida Panama masalasida ancha qizg‘in ssenariylar guvohiga aylanamiz.
AQSH yana kengayadi?
Inauguratsiya marosimida Trampning “AQSH yanada kengayadi” degan jumlasi ko‘pchilikning e’tiborini tortgan bo‘lsa ajab emas. Bu so‘zlar esa o‘z-o‘zidan yangramagani aniq. Trampning mazkur gapi u so‘nggi ikki oy davomida o‘z qo‘shnilari, dunyodagi eng yirik orol va eng muhim suv yo‘llaridan biriga nisbatan qilib kelinayotgan hududiy da’volarining qisqartma shakli bo‘lishi mumkin. Gap Kanada va Meksikaga AQSHning navbatdagi shtatlari bo‘lishi haqidagi kulgili taklif, Grenlandiya va Panama kanali hududini zo‘ravonlik bilan qo‘shib olish to‘g‘risidagi mojaroli bayonotlar haqida ketyapti. Qo‘shma Shtatlarning shimol va janubdagi ikki qo‘shnisi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu shunchaki Tramp tomonidan e’tibor markazida bo‘lish uchun qilingan PRdan boshqa hech narsa emasligini anglash qiyin emas. Sabablari esa juda oddiy. Jumladan, Kanada bugungi kunda dunyodagi eng yirik iqtisodiy ko‘rsatkichlar ichida o‘ninchi, Meksika esa o‘n ikkinchi o‘rinni band qilgan. Bundan tashqari, Ottava yer yuzidagi eng qudratli yetti davlat klubiga a’zo bo‘lsa, Meksika G20da o‘z o‘rnini ancha mustahkamlagan mamlakat hisoblanadi. Shunday ekan, bu ikki davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini so‘roq ostiga olish ahmoqlikdir. Aslida esa Trampni mazkur mamlakatlar bilan jig‘ibiyron qiladigan eng asosiy masala umuman boshqa. Bu AQSHdagi eng yirik muammolardan biri bo‘lgan noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun AQSHdagi 50 foizdan ko‘proq noqonuniy migrantlar aynan meksikaliklardir. Bundan tashqari, bu boradagi ikkinchi eng yirik ko‘rsatkich osiyoliklar bo‘lib, ular 13 foizni tashkil qilgan holda, AQSHga yetib olish yo‘lida so‘nggi manzil sifatida Meksikani tanlashadi. Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, 2021 yilda Jo Bayden hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Meksika orqali kelgan noqonuniy migrantlar 8 millionni tashkil qilgani aytiladi. Bir necha million bo‘lmasa-da, shu kabi muammoli migratsiya juda kichik hajmda Kanada chegarasida ham mavjud. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan kanadaliklar 65 mingdan 75 minggacha bo‘lishi mumkin. Tramp saylangandan so‘ng, bu haqda Kanada va Meksika ma’muriyatlariga e’tiroz bildirib, agar buning oldi olinmasa, tegishli choralar ko‘rish bilan tahdid qilishga ham ulgurdi. Jazo chorasi sifatida esa har doimgidek bojlar masalasi ko‘tarildi.
Shunday qilib, Kanada va Meksika yuzasidan hududiy da’volar tushunarli. Bu istaklar xomxayoldan nari emas. Ammo dunyodagi eng yirik va deyarli muz bilan qoplangan orol – Grenlandiya va bir paytlar AQSHga tegishli bo‘lgan va u tomonidan bunyod etilgan Panama kanali bo‘yicha da’volar esa yuqorida ta’kidlanganidek jiddiy tus olmoqda. Trampning so‘nggi harakatlaridan bu da’volar hazil yoki quruq gap-so‘z emasligi anglashiladi. Agar Trampning “Grenlandiya orzusi” shunchaki puch orzu-havas bo‘lganda bu mashmasha Germaniya va Fransiyaning ogohlantirishlari va Daniyaning AQSH bilan ushbu masala yuzasidan bog‘lanishigacha yetib bormasdi. Daniya Trampning qo‘shib olish haqidagi tahdidlaridan so‘ng, Grenlandiyada AQSH harbiy ishtirokini oshirishga ham rozi bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Hattoki, “Fox News” xabariga ko‘ra, avvalroq, AQSH Vakillar palatasidagi respublikachilar Grenlandiyani qo‘lga kiritish uchun yuridik imkoniyatlar taqdim qiladigan loyiha ham tayyorlagan. Qayd etilishicha, ushbu qonun Tramp qasamyodidan so‘ng, Daniya bilan Grenlandiya yuzasidan muzokaraga kirishishga imkon beradi. “Fox News” nashriga ko‘rsatilgan nusxaga ko‘ra, qonun loyihasi “Grenlandiyani yana buyuk qilish to‘g‘risidagi qonun”, deb nomlangan. Bungacha esa Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen va uning tarkibidagi Grenlandiya hukumati rahbari Mute Egede bu da’volarga qarshi bayonotlar berishdi. Frederiksen Grenlandiya AQSH tarkibiga kirmasligini aytgan bo‘lsa, Egede orol nafaqat AQSH, balki Daniyaga ham tegishli bo‘lmasligi lozim deya ta’kidladi. Orolda esa yaqin fursatlarda Daniya Qirolligidan ajralib chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kutilmoqda. Biroq ularning bu bayonotlariga qaramay, hoynahoy Trampning Grenlandiyaga nisbatan “xirsi”ga qarshi turadigan biron bir kuch topilmaydigan ko‘rinadi. Buning isboti o‘laroq, shu choqqacha Germaniya va Fransiyaning nimjon ogohlantirishidan bo‘lak biron bir siyosiy markaz ushbu mojaro yuzasidan hech bir ko‘rinishda Vashingtonga qarshilik ko‘rsatmadi. 56 ming aholiga ega, rezidentlarining asosiy qismini eskimoslar tashkil qiladigan Mute Egede boshchiligidagi Grenlandiya esa dunyodagi birinchi iqtisodiy va eng qudratli armiya qarshisida biron bir chora topishi aqlga sig‘maydi. Xalqaro hamjamiyat, xususan Yevropa davlatlari esa haligacha bu borada jiddiy ritorikaga o‘tganicha yo‘q. Shunday ekan, yaqin kelajakda dunyo xaritasida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lish ehtimolini inkor qilib bo‘lmaydi.
Trampning rasman ishga kirishishi Grenlandiya qatori Panama uchun ham xavfni yanada yaqinlashtirdi. Boz ustiga Panama kanali uning inauguratsiya marosimidagi nutqidan ham tushib qolmadi. U bu masalaga alohida to‘xtalib, kanalga bo‘lgan da’vosini qayta takrorladi.
“Va eng muhimi, Xitoy Panama kanalini boshqaryapti va biz uni Xitoyga bermagandik. Biz uni Panamaga bergandik va endi qaytarib olamiz.
Eng muhimi, bugun amerikaliklarga aytmoqchimanki, biz uchun yana bir bor jasorat, kuch va tarixning eng buyuk sivilizatsiyasining hayotiyligi bilan harakat qilish vaqti keldi”, dedi Prezident.
Yiliga 5 milliard dollar daromad keltiradigan, Atlantika va Tinch okeanlarini bir-biriga bog‘lab turuvchi o‘ta muhim strategik suv yo‘li AQSHning 47-prezidenti uchun tashqi siyosatda keyingi 4 yillik uchun eng asosiy masala bo‘lishi oydinlashdi. 1904-1914 yillar oralig‘ida AQSH tomonidan qurilgan, 1977 yilda Jimi Karter tomonidan bosqichma-bosqich Panamaga topshirish boshlangan kanal 1999 yildan buyon mana 26 yildirki Panama nazorati ostida qolib kelayotgandi. Ammo o‘tmishda AQSH protektoratiga kirgan kanal Tramp davrida yana Qo‘shma Shtatlar tasarrufiga o‘tish xavfi kuchaymoqda.
Misli ko‘rilmagan deportatsiya
AQSHning rasman 47-Prezidenti sifatida ish boshlagan Tramp o‘z inauguratsiya nutqida anchadan buyon tanqid ostiga olib kelayotgan mavzusi – noqonuniy migratsiyaga ham alohida to‘xtaldi. Trampning bundan muddaosi asosan AQSHda jinoyatchilikning ortishi va bunda asosiy ishtirokchilar noqonuniy migrantlar deb ishonishidadir. U 2016 yilgi prezidentlik saylovi arafasida ham hujjatsiz muhojirlarni chiqarib yuborish uchun “deportatsiya kuchini” yaratishga va’da bergan edi. Bu safar esa naqd 13 million noqonuniy muhojirni mamlakatdan haydab chiqarish haqida so‘z bormoqda.
“Barcha noqonuniy kirishlar darhol to‘xtatiladi va biz millionlab jinoyatchi musofirlarni kelgan joylariga qaytarish jarayonini boshlaymiz. Biz Meksika bo‘yicha siyosatimizni tiklaymiz. Men qo‘lga olish va qo‘yib yuborish amaliyotini tugataman. Men esa janubiy chegaraga qo‘shin jo‘natib, yurtimizga qilingan halokatli bosqinni qaytaraman”.
2022 yil holatiga ko‘ra, doimiy huquqiy maqomga ega bo‘lmaganlar soni 11 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, ayni damda bu raqamlar 13 milliongacha ko‘tarilgani aytiladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 13 million kishini deportatsiya qilish uchun sarflanadigan bir martalik xarajat miqdori 315 milliard atrofida bo‘lishi mumkin. Bu esa har bir kishining minimal deportatsiya xarajati salkam 25 ming dollarga to‘g‘ri kelishini anglatadi. Ammo bu faqatgina minimal miqdor xolos. Aslida 315 milliard dollar bu shunchaki Tramp ko‘zlayotgan deportatsiya siyosatini yuritish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarning uchdan bir qismigina bo‘lishi mumkin. Negaki, hibsga olish, hibsga olinganlarni vaqtinchalik saqlash uchun lagerlar barpo qilish, immigratsion keyslar uchun alohida sud zallarini yaratish va hokazolar shular jumlasidandir.
Yirik deportatsiya missiyasini ommaviy hibsga olishlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Buning uchun esa qo‘shimcha hibsxonalarga ehtiyoj ortishi tabiiy. 2024 yilgi statistikaga ko‘ra, 1.9 million kishi AQSH qamoqxonalarida saqlanmoqda. Bunday sharoitda, deylik 1 million nafar noqonuniy muhojirning mamlakatdan quvilishi rejalashtirilsa, AQSH federal byudjeti gardaniga juda ko‘plab qo‘shimcha hibsxonalar tashkil qilish yuklanadi. Bundan tashqari, ayrim manbalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, noqonuniy muhojirlar ishini ko‘rib chiqish uchun Qo‘shma Shtatlarga qo‘shimcha ravishda yana 1000 dan ortiq sud zallari kerak bo‘ladi. Shunday qilib, umumiy hisobda jami xarajatlar taxminan 1 trillionga yaqinlashishi mumkin. Bu deportatsiya uchun sarflanadigan mablag‘, uning zarari ham mavjudligini unutmaslik lozim. Chunki millionlab muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborish mehnat va iste’mol bozoriga jiddiy ta’sir qilmay qolmaydi. Axir gap 13 millionga yaqin inson haqida ketyapti.
LiveBarchasi