Facebook, Telegram va Instagram bloklanishi ortidan AKT vaziri va Bosh vazir maslahatchisi ishdan olindi
Jamiyat
−
04 noyabr 2021
13207Internet-platformalar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq voqea ortidan bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Bu haqda Prezident administratsiyasiga aloqador “Nigoh” kanali xabar qilmoqda.
“Ko‘rilayotgan choralarning keskinligi shuni ko‘rsatmoqdaki, Prezident tartib va intizomni buzgan, mas’uliyatsizlik qilgan va o‘zboshimchalik bilan harakat qilgan har qanday amaldorni lavozimida ortiqcha ushlab o‘tirmaydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 noyabr kuni soat 19:30 lar atrofida O‘zbekistonda “Moy Mir”, “Odnoklassniki”, “Youtube”, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” va “Linkedn” kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatida uzilishlar kuzatila boshlandi. Keyinroq Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ushbu platformalarni Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritgani ma’lum bo‘ldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklov rasman bekor qilindi. Cheklovni o‘rnatgan tashkilot Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari G‘olibsher Meliboyevich Ziyayev Bosh vazir qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Barcha ish g‘ishtdan ko‘chib bo‘lgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy ma’lumot bilan chiqib, uzilishlarga "O‘ztelekom" AK uskunasidagi nosozlik sabab bo‘lganini aytdi. Oradan ko‘p o‘tmay bu bayonot o‘chirildi.
LiveBarchasi