Facebook onlayn savdoga mo‘ljallangan yangi bo‘limni ishga tushirdi
Texnologiya
−
26 avgust 2020
3064Facebook kompaniyasi shu nomdagi ijtimoiy tarmoq asosida ishlaydigan onlayn xaridlar uchun yangi bo‘limni taqdim etdi. Kompaniya rahbariyatining ta’kidlashicha, ushbu yangilik xaridorlar uchun ham, internet do‘kon egalari uchun ham savdoni soddalashtirishga mo‘ljallangan. Bu haqda TASS xabar berdi.
Joriy yil bahorda Facebook tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqdan onlayn do‘konlar yaratishga imkon beradigan funksiyani taqdim etgandi. Kompaniya koronavirus pandemiyasi sharoitida taktil aloqasiz savdo-sotiqqa talabni oshirish maqsadida shunday yo‘l tutdi.
Shubhasiz, yangi funksiya sotuvchilarga ham, xaridorlarga ham yoqib tushdi. Shuning uchun, kompaniya ushbu texnologiyani takomillashtirishga qaror qildi. Endi kerakli do‘konni izlab o‘tirishning hojati yo‘q, ularning barchasi Facebook Shop bo‘limida mavjud.
Ushbu yangilik yordamida foydalanuvchilar o‘zlariga kerakli mahsulotni qidirishlari, sotuvchiga murojaat qilib, savollariga javob olishlari va Facebook ilovasi yordamida to‘g‘ridan- to‘g‘ri to‘lovni amalga oshirishlari mumkin. Bundan tashqari, shunga o‘xshash funksiya Facebook`ga qarashli Instagram`da ham ishga tushirilgan.
“Biz xaridlarni osonlashtirmoqchimiz, umid qilamizki, kichik tadbirkorlardan tortib, yirik firmalargacha o‘z mijozlari bilan bog‘lanish va bizneslarini rivojlantirish uchun bizning ilovamizdan foydalanish qo‘l keladi”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Ushbu yangi funksiya hozircha faqatgina AQSHda istiqomat qiluvchilar uchun mavjud.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi