AQSH sudi Meta kompaniyasiga katta miqdorda jarima soldi
Olam
−
10:01 700 3 daqiqa
AQSHning Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasini o‘smirlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazganlikda aybdor deb topib, 567 million dollar miqdorida tovon puli to‘lash hamda Facebook va Instagram platformalarida voyaga yetmaganlar xavfsizligini kuchaytirish to‘g‘risida hukm chiqardi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya 5 yil davomida o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishi, bildirishnomalarni qisqartirishi, kattalarning voyaga yetmaganlar bilan muloqotini qat’iy nazorat qilishi, sun’iy intellekt chat-botlarining faoliyatiga yangi himoya mexanizmlarini o‘rnatishi va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik haqidagi xabarlarni yanada chuqurroq tekshirishi shart.
Santa-Fe shahridagi sudya Brayan Bidsheyd Meta’ni Nyu-Meksiko qonunlariga ko‘ra “jamoatchilikka zarar yetkazuvchi faoliyat”ni amalga oshirgan deb topgan. Sud shtat Bosh prokurori Raul Torresning kompaniya yosh foydalanuvchilarni platformalarga qaram qilib qo‘yadigan mahsulotlar yaratgani hamda ularni jinsiy ekspluatatsiyadan yetarli darajada himoya qilmagani haqidagi da’volarini qo‘llab-quvvatlagan.
Mazkur hukm joriy yil boshida sud hay’ati Meta’ni Facebook va Instagram’dagi xavfsizlik choralarini noto‘g‘ri talqin qilib, iste’molchilar huquqlarini buzganlikda aybdor deb topgan. Oradan besh oy o‘tib esa kompaniya zimmasiga 375 million dollar to‘lash majburiyati yuklatilgan.
Shuningdek, Meta’ning sun’iy intellekt chat-botlari orqali Nyu-Meksikodagi bolalar bilan romantik yoki jinsiy mazmundagi muloqotlar olib borilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda kattalarning chatbotlardan bola bilan jinsiy aloqani tasvirlash yoki muhokama qilish uchun foydalanishini taqiqlash talabi ham belgilangan.
Meta ushbu qaror ustidan apellyatsiya shikoyati berishini ma’lum qildi. Kompaniya bayonotida o‘smirlarni onlayn himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar ta’kidlanib, sud da’volari faktlarni noto‘g‘ri talqin qilayotgani bildirilgan.
Nyu-Meksiko Bosh prokurori Raul Torresning ta’kidlashicha, ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlar bolalar xavfsizligidan ko‘ra foydani ustun qo‘yganda qanday oqibatlar yuzaga kelishini ko‘rsatadi.
“Bu shunchaki bitta kompaniyaga qarshi chiqarilgan hukm emas. Bu reja. Endi boshqa shtatlar va xuddi shunday muammoga duch kelayotgan mamlakatlar ham amal qilishi mumkin bo‘lgan yo‘l xaritasi mavjud”, degan Torres.
Ayni paytda Meta AQSHning yana 29 shtati tomonidan Facebook va Instagram yoshlarni platformalarga qaram qilish maqsadida ishlab chiqilgani yuzasidan ochilgan federal sud jarayoniga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kompaniya Tennessi shtatining da’vosi bo‘yicha ham sudda o‘zini himoya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikaning Apple korporatsiyasi xaridorlarning Apple Intelligence funksiyalari haqidagi noto‘g‘ri reklama va Siri ovozli yordamchisining yangilanishlarini kechiktirganlikda ayblagan jamoaviy da’vosi doirasida 250 million dollar to‘lashga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust