Eskicha uslubdagi tibbiyot kollejlari o‘rnida Ibn Sino maktablari tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari faoliyatining ilk kunlaridan tinchlik va sog‘likni ta’minlashni ijtimoiy hayotning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilagan edi. O‘tgan yillarda bu borada ulkan islohotlar amalga oshirildi.

2018 yil 7 dekabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi. Barcha hududlarda shifoxonalar bunyod etilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o‘tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

Odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yo‘nalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818 tadan qariyb 2 mingtaga yetkazildi va aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ixtisoslashgan avtomashinalar parki yangilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida sohadagi islohotlarni davom ettirib, tibbiy xizmat sifatini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, adolat va raqobatni ta’minlash bo‘yicha o‘z mulohazalarini bayon etgan edi.

Bugungi yig‘ilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Avvalo, ixtisoslashgan tibbiy yordam sifati va ko‘lamini oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, mamlakatda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelmoqda. Mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘nikmasini oshirishga e’tibor qaratilmayapti. Ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa o‘rtasida vertikal tizim shakllanmagan.

Davolanish uchun order berish tizimida ijtimoiy adolat ta’minlanmayotgani, bu jarayonda faqat davlat muassasalari ishtirok etishi raqobatni cheklayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois order berish tizimini takomillashtirish va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimi tanqidiy tahlil etildi. 20-30 foiz mablag‘ samarasiz sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatda birlamchi tibbiy-sanitariya uchun ajratilayotgan mablag‘ ulushi 35-40 foizni tashkil etadi. Xorijda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi.

Davlat va xususiy tibbiyot uchun teng shart-sharoit, raqobat muhiti yaratilmagan. Moliyalashtirishda elektron tizimning yo‘qligi mablag‘lar unumdorligini tahlil qilish imkonini bermayapti.

Sohani moliyalashtirishni takomillashtirish, majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlar qabul qilib, uni bosqichma-bosqich joriy etish muhimligi aytildi.

Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, faqat 12 ta oliy ta’lim muassasasi uzluksiz kasbiy malaka oshirish huquqiga ega. Hozirda 50 foiz shifokor malaka oshirish bilan qamrab olinmagan.

Shu bois mazkur tizimni qayta ko‘rib chiqib, bu boradagi qamrovni kengaytirish, malaka oshirish kurslarini Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida tashkil etib, mutaxassislarga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari o‘rnida Ibn Sino maktablari tashkil etib, dars va amaliyotni zamon talablari asosida o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Joylardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari byurokratik tuzilma bo‘lib qolgani, hududiy darajada kasalliklarni tahlil qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari ayni paytda markaziy shifoxona bosh shifokori bo‘lgani sababli vaqti va mablag‘ning asosiy qismini kasalliklarni davolashga sarflamoqda.

Davlat rahbari kasalliklar profilaktikasi masalasiga alohida e’tibor qaratib, boshqaruv idoralari ishini aynan shunga yo‘naltirish lozimligini ta’kidladi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, to‘g‘ri ovqatlanish va piyoda yurishning salomatlikka foydasini targ‘ib etish muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilari ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash

Baholaganlar

56

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing