Eshak “iste’mol go‘shti olinadigan hayvonlar” qatoriga kiritilmaydi – parlamentdan munosabat

Jamiyat

image

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingani, unda eshak iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan hayvon turlari qatorida keltirilgani xabar qilingandi. Aslida bu matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli kelib chiqqan tushunmovchilik bo‘lib chiqdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, qonun loyihasida eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan.

“Umuman bu qonun “go‘sht iste’moli” haqida emas, balki hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish munosabatlarini tartibga soladi. Matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan”, deydi Odiljon Tojiyev.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi Qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning 5 avgust kuni qonun tashabbuskori tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Qonun loyihasi bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan (parvarish qilinadigan) va urchitiladigan uy hayvonlari – qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya, it, mushukni identifikatsiya qilinishi (vizual yoki elektron birkalarni hamda elektron mikrochiplarni hayvonlarga o‘rnatish) nazarda tutilgan.

Bildirilishicha, mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qo‘mitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarida va yalpi majlisida ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar tomonidan eshak, it va mushukning identifikatsiya qilinishi asosligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan. E’tirozlar qonun tashabbuskorlari tomonidan qabul qilinib, loyiha birinchi o‘qishda ma’qullangan taqdirda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida olib tashlanishi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

go'sht Eshak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing