Hindiston O‘zbekistonga go‘shtni “halol” sertifikati bilan jo‘natadi – Ibrohim Abdurahmonov
Jamiyat
−
14:51 1357 2 daqiqa
O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytiradi va ushbu mamlakatdan go‘sht “halol” sertifikati bilan olib kelinadi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
Abdurahmonovning bildirishicha, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik va oziq-ovqat yo‘nalishidagi hamkorlik kengaygan. Hindistondan nisbatan arzon go‘sht mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.
Xususan, Hindistonning “Alana” kompaniyasi bilan kelgusi yillarga mo‘ljallangan yirik rejalar ishlab chiqilmoqda. Mahsulot xavfsizligi va halollik importda asosiy talablardan biri bo‘ladi. Hindistonda go‘shtni tayyorlash va so‘yish jarayonlarida O‘zbekiston mutaxassislarining ishtiroki hamda xalqaro va halol sertifikatlarini ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Vazirning aytishicha, O‘zbekistonning oziq-ovqat korxonalari go‘shtni o‘sha joyda tayyorlab, keyin eksportini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston joriy yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan 359,5 mln AQSH dollarlik 72 ming tonna mol go‘shtini import qilgan.
2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga eng ko‘p mol go‘shti yetkazib bergan davlatlar quyidagilar bo‘lgan:
- Hindiston – 33,9 ming tonna;
- Belarus – 19,6 ming tonna;
- Qozog‘iston – 10,6 ming tonna;
- Pokiston – 4 ming tonna;
- boshqa davlatlar – 4 ming tonna.
Shu tariqa, O‘zbekiston bozoridagi mol go‘shti importining asosiy qismi Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Live
Barchasi